(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“Xalqaro hamjihatlik – umumiy mas’uliyat”

16:26 01.12.2020

Har yili 1-dekabr sanasi “OITSga qarshi butunjahon kurash kuni” sifatida nishonlanadi. Bu sanada OITS bilan og‘riganlarni qo‘llab-quvvatlash, xastalik alomatlari, undan saqlanish bo‘yicha ogohlikni oshirish masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsad qilinadi.
Mazkur sana munosabati bilan Andijon davlat tibbiyot institutida Andijon viloyat hokimligi, viloyat OITSga qarshi kurash markazi, Ichki ishlar boshqarmasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakilligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bilan hamkorlikda  “Xalqaro hamjihatlik – umumiy mas’uliyat” shiori ostida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirga viloyatdagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan shifokorlar, yoshlar, talabalar taklif etildi.
“OITSga qarshi butunjahon kurash kuni” munosabati bilan tashkil etigan tadbirda viloyat OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori B.Qorayev, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Mamajonov, ADTI davlosh ishlari bo‘yicha prorektori B.Mirzakarimov, ADTI yuqumli kasalliklar kafedrasi o‘qituvchisi M.Po‘latov, viloyat IIB vakili D.Xo‘jamberdiyev va boshqa mutaxassislar OITS – Orttirilgan immun tanqisligi sindromi virusi surunkali yuqumli kasalligi, uning kelib chiqishi, o‘ziga xos xususiyatlari, oldini olish masalalari yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.

OITS – ijtimoiy kasallikdir shuning uchun u keng ma’noda nafaqat iqtisodiy, siyosiy zarar keltiradi, shuningdek, oilaviy, ruhiy, ma’naviy, axloqiy jihatdan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Tadbir davomida so‘z olganlar OITSning oldini olish, davolash, tarqalishini cheklash ishlarida aql-zakovat bilan ish tutish katta ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladilar.

“Xalqaro hamjihatlik – umumiy mas’uliyat” shiori ostida tadbir ishtirokchilari har qanday sharoitda ham axloq, odob va o‘zaro hurmat ruhida yashash, har bir inson o‘z haq-huquqini yaxshi bilgan holda o‘zini va o‘zgani himoya qila bilishi, ma’naviy va madaniy javobgarlikni o‘z burchi deb bilishi kerakligini chuqur anglab yetdilar.

Tadbir savol-javoblar bilan barchada katta taassurot qoldirdi.

ADTI axborot xizmati