alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“XOTIRA – ABADIY, QADR – MUQADDAS” SHIORI OSTIDAGI BAYRAM TADBIRI KATTA ISHTIYOQ BILAN O‘TKAZILDI

16:24 07.05.2021

Andijon davlat tibbiyot institutining talabalar turar joyi chinakam xotira maydoniga aylangandek go‘yo. U yerda institutda uzoq yillar davomida samarali faoliyat olib borgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning umr yo‘llari ko‘rgazmalarda aks ettirildi.
9-may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Xotira – abadiy, qadr – muqaddas!” shiori ostidagi tadbir Ikkinchi jahon urushi yillarida yuksak mehr-muruvvat va oqibat ko‘rsatgan Shoahmad Shomahmudovlar oilasi xotirasiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi bilan boshlandi.  Bu kichik asar barchaga urush yillarining og‘ir va zalvorli davrlarini yodga soldi.
Tadbirni Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor M. Botirov ochib berdi. Institut rektori M. Madazimov tadbir ishtirokchilarini bayram munosabati bilan muborakbod etdi. Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi Andijon viloyati boshqarmasi rahbari M. G‘ofurov hamda 1-UASh tayyorlash kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor  Z. Salohiddinov so‘z olib, urush va uning ayanchli oqibatlari to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shundan so‘ng bayram munosabati bilan bir guruh professor-o‘qituvchilar va xodimlar institut rahbariyati tomonidan taqdirlandilar.

Harbiy kafedra boshlig‘i, tibbiy xizmat podpolkovnigi A. Soliyev va kafedra talabalari tomonidan tashkillangan frontda yaralangan mard o‘g‘lonlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish joylarining ko‘rgazmasi barchaning hayratiga sazovor bo‘ldi.

Tadbir  O‘zbekiston davlat  filarmoniyasi Andijon viloyat bo‘linmasining bayram dasturi bilan davom etdi.