alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida oʻtkazilayotgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi ishtirokchilariga

15:51 12.08.2020

Hurmatli forum qatnashchilari!
Qadrli yoshlar!
Barchangizni – “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida oʻtkazilayotgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi qatnashchilarini qutlash menga ulkan mamnuniyat bagʻishlaydi. Siz, azizlarni Xalqaro yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga mazkur forumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.


Xalqaro anjuman ishida ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa sheriklarimizga tashakkur izhor etaman.
Aziz doʻstlar!
Maʼlumki, kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror boʻlishi uchun yangi gʻoyalar va ijodiy ruhdagi saʼy-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir.
BMTning Yoshlar strategiyasida taʼkidlanganidek, “yoshlar siymosida eng qimmatli va oʻta muhim resurslar mujassam topgan boʻlib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda boʻlib qaytadi”. Men gʻoyat muhim ushbu fikrga toʻliq qoʻshilaman.
Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala boʻlib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilishini talab etadigan koʻplab muammolarga toʻqnash keldi.
Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini taʼminlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur.
Bugungi murakkab vaziyatda yosh avlod vakillari zamonaviy tahdidlarga, jumladan, pandemiyaga qarshi oʻzlarining istiqbolli tashabbuslari va ijtimoiy loyihalari bilan munosib javob berayotgani eʼtiborga sazovordir. Butun jahonda koʻngilli yoshlar yordamga muhtoj aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashda, yangi iqtisodiy va gumanitar dasturlarni ilgari surishda faol ishtirok etmoqda.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Hozirgi zamonda intellektual va maʼnaviy yetuk, tashabbuskor yoshlar barqaror taraqqiyotning drayveriga aylanmoqda. Bugungi kunda yangi Oʻzbekiston yoshlari – mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan jadal va keng koʻlamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi boʻlib maydonga chiqmoqda.
Aholisining yarmidan ziyodini yoshlar tashkil etadigan Oʻzbekistonda ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan.
Faqat keyingi yillarning oʻzida yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va uygʻun rivojlantirishga, har bir navqiron inson jamiyatda munosib oʻrin egallashiga qaratilgan bir qator qonunlar, Prezidentning farmon va qarorlari, Hukumat qarorlari qabul qilindi.
Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzildi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etildi. Hozirgi vaqtda “Oʻzbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari, yoshlar siyosatini baholashning milliy indeksi joriy etilmoqda.
Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan koʻplab muammolar – tinchlik va xavfsizlikka tahdidlar, terrorizm va ekstremizm, irqchilik, iqlim oʻzgarishlari, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi – oʻzaro kelishilgan global hamkorlikni va mavjud muammolarni hal etish jarayonlariga yoshlarni faol jalb qilishni talab etmoqda.
Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning qabul qilinishi jahondagi ikki milliarddan ortiq yigit va qizlarning haq-huquqlarini taʼminlashda muhim ahamiyatga egadir. U yosh avlodni maʼrifiy ruhda tarbiyalash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini oʻz amaliy takliflari bilan boyitadilar, deb ishonaman.
Qadrli yoshlar!
Bugun oʻz ishini boshlayotgan Samarqand yoshlar forumi global miqyosdagi birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini, tinchlik va taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida navqiron avlod tomonidan qoʻyilgan muhim amaliy qadam va qimmatli hissa boʻladi, deb umid qilaman.
Forumning barcha ishtirokchilariga faoliyatlari samarali boʻlishini tilayman.

Shavkat Mirziyoyev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

 Manba: O’zA