Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligining Andijon viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda institutda davra suhbati tashkil etildi. Tadbir ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda yosh olimlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlandi.
Davra suhbati institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori K.Salohiddinov boshchiligida o‘tkazildi. Uchrashuv davomida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori ilovasi bilan tasdiqlangan “Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.


Xususan, boshqarma bo‘lim boshlig‘i B.Turg‘unov “Akademik harakatchanlik” dasturi tanlovi (2026-1) haqida batafsil to‘xtalib, tanlovda ishtirok etish tartibi, talab etiladigan hujjatlar hamda baholash mezonlarini tushuntirib berdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol qatnashib, mutaxassislar tomonidan zarur tavsiyalar oldilar.

Ta’kidlanganidek, mazkur dastur yosh olimlarga ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarining noyob ilmiy obyektlari, zamonaviy laboratoriyalari hamda tajriba-konstruktorlik byurolaridan bepul foydalanish imkonini yaratadi. Bu esa ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

