
Ko‘zlarda quvonch, qalbda hayajon ila bugun, 24-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot instituti Akademik litseyi bitiruvchilarining “Parvozingiz baland bo‘lsin, aziz bitiruvchilar!” shiori ostida bitiruv bayrami bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor B.Abdullajonov, institut akademik litseyi direktori Sh.Aribjonov, ustozlar, bitiruvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Bayram tadbiri avvalida O‘zbekiston Respublikasi davlat Madhiyasi jo‘rlikda ijro etildi. Tantanali tadbirni institut rektori kirish so‘zi bilan ochib berdi.
-Aziz o‘quvchilar! Sizlarni bugungi quvonchli kun bilan samimiy qutlayman. Orzu maqsadlaringiz tomon bir dovonni bosib o‘tdingiz, endi esa katta hayot sari, maqsadlaringiz tomon dadil qadam bosing. Hamisha yo‘lingiz ochiq, parvozingiz baland bo‘lsin!- dedi, rektor.
Joriy o‘quv yilida Akademik litseyni jami 194 nafar o‘quvchi-yoshlar muvaffaqiyatli tamomlamoqda. Ulardan 2 nafari oltin medal, 12 nafari kumush medal hamda 54 nafari aʼlo darajali qizil diplom olishga muvaffaq bo‘ldi. Ularga diplom va medallar tantanali tartzda topshirildi.
Bitiruvchilarning 100 nafardan ziyodi fanni bilish darajasi bo‘yicha milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, bir nechtasi biologiya, kimyo hamda majburiy fanlardan milliy sertifikatlarni olib, muddatidan avval Andijon davlat tibbiyot institutida o‘qish uchun yuqori ballarni qo‘lga kiritdi.
Tadbir davomida akademik litsey direktori Sh.Aribjonov so‘z olib, o‘quvchilarning ushbu yutuqlarini e’tirof etgan holda kelajakdagi o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. O‘quv yilida faol bo‘lgan o‘qituvchilar va xodimlar tashakkurnoma bilan taqdirlandi.