Bugun, 27-yanvar kuni, Andijon davlat tibbiyot institutida xalqaro miqyosdagi muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda Garvard universiteti huzuridagi Dana-Farber saraton instituti Xalqaro grantlar markazi rahbari Jaime Mchunu hamda professor Timothy R.Rebbek, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Fan va ta‘lim bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari G.Yusupaliyeva, Respublika Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari X.Islomov ishtirok etdilar. Mehmonlarni institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori K.Salohiddinov qabul qildi.

Uchrashuv avvalida prorektor K. Salohiddinov Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Shuningdek, u so‘nggi yillarda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar, ilmiy-tadqiqot faoliyati va xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Tomonlar ushbu uchrashuv mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Uchrashuv davomida suhbat ochiq, munozarali va o‘zaro manfaatli ruhda o‘tdi. Natijada Garvard universiteti mutaxassislari, Respublika Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Andijon davlat tibbiyot instituti o‘rtasida hamkorlikda amalga oshiriladigan bir qator muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.

Xususan:
➡️Andijon davlat tibbiyot institutida hamshiralarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirildi. Bu kurslar orqali hamshiralar zamonaviy tibbiy yondashuvlar, onkologik bemorlar bilan ishlash va ilg‘or parvarish usullarini o‘zlashtiradilar.
➡️Saraton kasalliklarini oldini olishga qaratilgan kolonoskopiya va ayollar uchun mo‘ljallangan skrining (kolonoskopiya) o‘quv kurslarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalish erta tashxis qo‘yish orqali kasallikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
➡️Shifokorlar malakasini oshirish orqali saraton kasalliklarini erta aniqlash ko‘nikmalarini shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu esa davolash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

➡️Respublika Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon filialini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, xalqaro grant loyihalarini amalga oshirish va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish kelishib olindi.
➡️Shuningdek, sog‘liqni saqlash menejmentini rivojlantirish, tibbiyot muassasalarini samarali boshqarish, resurslardan oqilona foydalanish va xizmatlar sifatini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur uchrashuv Andijon davlat tibbiyot institutining xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy-amaliy salohiyatini mustahkamlash hamda onkologiya sohasida zamonaviy bilim va tajribalarni joriy etishda muhim qadam bo‘ldi. Tomonlar kelgusida hamkorlikni izchil davom ettirish va belgilangan rejalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldilar.
