Аndijon viloyatida faoliyat yurituvchi oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan “Bobur – Аndijon farzandi” videoroliklar tanlovi o‘tkazilmoqda.
Tanlovning maqsadi: talaba-yoshlar o‘rtasida dunyo tamadduniga katta hissa qo‘shgan o‘zbek millatining tarixiy iftixori – Z.M. Boburning boy tarixini keng targʼib qilish, internet tarmoqlarini ilmiy va ommabop Milliy kontent bilan to‘ldirish.
Tanlov shartlari:
– Viloyat hududida faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalari jamoalari (professor-o‘qituvchilar hamda talabalar) Z.M. Bobur ijodiga bag‘ishlangan ijodiy, kreativ, bugungi axborot makonida tarqalishi koʼzda tutilgan, davomiyligi 2 daqiqali ( +- 3 soniya) bo‘lgan videorolik tayyorlash;
– Videorolikda Z.M. Boburning Аndijon farzandi ekanligiga urg‘u berish, shoh va shoirning boy ijodiy merosiga murojaat qilish tavsiya etiladi. G‘azal o‘qish, qo‘shiq, raqs, teatrlashtirilgan sahna janrlardan foydalanish mumkin.
Tanlov ishtirokchilari o‘z ijodiy ishlarini joriy yilning 3-fevral soat 12:00 ga qadar telegram mesenjeridagi Bobur Аndijon farzandi https://t.me/Bobur_OTM25 guruhiga jo‘natishlari lozim.
G‘oliblar eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan internet resurslari orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.
G‘olib va sovrindorlar Аndijon viloyati hokimligi tomonidan Z.M. Bobur tavallud kuniga bag‘ishlab tashkil etiladigan viloyatning asosiy bayram tadbirida taqdirlanadi. 1-, 2-, 3-o‘rin sohiblariga maxsus mukofotlar topshiriladi.