Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, xalqimiz orasida milliy qadriyatlarga xos bo‘lgan o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirishda umumxalq hasharining alohida o‘rni bor. Bugun, O‘zbekistonning barcha hududlari, qishloqlar, mahallalar, tashkilot va muassasalarida ko‘tarinki kayfiyatda umumxalq xayriya hashari tashkil etilmoqda.
Jumladan, viloyatimizda ham Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash hamda muborak Ramazon oyini qarshi olishga tayyorgarlik ko‘rish, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
Viloyatimizning barcha manzillari qatori “Yangi Andijon” massivida ham viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida obodonlashtirish bilan bir qatorda gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, mavjudlarini oqlash va butash ishlari hamjihatlikda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, “Yashil makon” ko‘chat ekish aksiyasi davomida, 6 gektar yer maydoniga 5 ming tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
Ushbu umumxalq xayriya hasharida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov, fidoyi professor-o‘qituvchilar, faol ishchi-xodimlar ham ishtirok etib, institutga ajratilgan yer maydoniga 300 tupdan ziyod daraxtlar ko‘chatlari ekdilar. Bu orqali institutimiz jamoasi viloyatimizni yanada obod va ko‘rkam manzilga aylantirishda o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Shu bilan birga institutning barcha o‘quv hamda talabalar turar joylari hududlarida ham “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda. Institut jamoasi, ishchi-xodimlari hamjihatlikda yer ag‘darish, daraxt va gul, rayhon ko‘chatlari ekish hamda binolarni tozalash ishlarini olib bordilar. Natijada institut hovlisi va binosi yanada ozoda, ko‘rkam holatga keldi. Qo‘llaringiz dard ko‘rmasin aziz, fidoiylar!