Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“HOKIM VA QIZLAR UCHRASHUVI”DA INSTITUTIMIZ JAMOASI HAM MUNOSIB ISHTIROK ETDI

18:21 03.03.2022

Andijon shahridagi Oʻzbekiston mehmonxonasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Hokim va qizlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda ilm-fan, tibbiyot, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat hamda tadbirkorlik sohalarida yuqori muvaffaqiyatlarga erishib, tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan viloyatimizning ayol-qizlari, shu qatorda Andijon davlat tibbiyot institutining Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi G.Xolmatova, kengash faollari, Davlat mukofoti va nomdor stipendiya sohibalari, talaba-qizlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida viloyat hokimining oʻrinbosari M.Nishanov viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning ayol-qizlarga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

2021-2022-oʻquv yili davomida bir qator natijalarga erishgan qizlarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Unda Kasbiy taʼlim yoʻnalishining 6-bosqich talabasi Durdonabegim Zaynobiddinova hamda Pediatriya fakultetining 6-bosqich talabasi Zebiniso Inakovaga ham viloyat hokimining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Taqdirlash marosimidan soʻng madaniy tadbir ham tashkil etildi. Unda institutimiz iqtidorli talabalari Zulfiyaxonim va Hamid Olimjonning hayoti aks etgan sahna koʻrinishini mahorat bilan ijro etdilar. Ayniqsa, “Yosh gitarachilar” jamoasining “Eng gullagan yoshlik chogʻimda” nomli qoʻshigʻi tadbirning avj nuqtasini boshlab berdi. Shundan soʻng viloyatimizning taniqli sanʼatkorlari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar barcha qizlarni davraga chorladi.

Shuningdek, tadbir davomida barcha taʼlim muassasalari oʻquvchi-talabalarining erishgan yutuqlarini koʻrsatuvchi taqdimotlari ham boʻlib oʻtdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar viloyat hokimi tashabbusi bilan tashkillangan fayzli dasturxon atrofida jam boʻldilar.

 

Skip to content Click to listen highlighted text!