Bugun, 8-fevral kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova va bir guruh partiya faollari Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi. Ularni institut rektori, partiyaning Andijon viloyati kengashi raisi M.Madazimov kutib oldi va institut bilan tanishtirdi.
Mehmonlar tantanali tarzda kutib olindi. Ular institutning simulyatsiya markazi, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng, Robaxon Mahmudova va bir guruh partiya faollari, institut jamoasi ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – inson, jamiyat va davlat rivojining garovi” mavzusida tashkil qilingan davra suhbatida Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan o‘rin olgan boblar, moddalar va ularning mazmun-mohiyati haqida aytib o‘tildi.
Bosh qomusimizda barcha sohalarni birdek qamrab olingani inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini taʼminlash davlatimiz oldidagi oliy masʼuliyat ekanligi uning asosiy g‘oyasi sifatida tanlab olingani ta’kidlandi. Tadbirda qatnashgan institutning faxriy rektori Mamazoir Xo‘jamberdiyev Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda asosiy e’tibor inson va fuqarolar huquq hamda erkinliklarini himoya qilishga qaratilganligini alohida eʼtirof etdi.