Аndijon Davlat Tibbiyot Instituti Tibbiy kimyo kafedrasida sanoat farmatsiyasi va farmatsiya yo`nalishlari 1-va 2- bosqich talabalariga “O`zbekistonning mahalliy sharoitida dorivor preparatlarni ishlab chiqarish va uning dolzarbligi” mavzusida “Zamin Bio Health” MCHJ shaklida Insulin dori vositasini ishlab chiqaruvchi zavod sifat nazorati bo`limi laboratoriyasi kimyogar analitigi Ma’rufjon Jalilov bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning “Andijon viloyatini farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo`yicha logistik zonaga aylantirish” haqidagi ko`rsatmasiga binoan Andijon tumanida “Insulin” zavodi o`z ish faoliyatini boshladi. Mazkur zavod bugungi kunda bir yilda 10 mln. flakonda insulin dori vositasi bilan bir qatorda, bir martalik ishlatiladigan shpritz mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda va ichki bozorimizni o`zimizning mahsulotlar bilan to`ldirmoqda. Bu esa qandli diabet bilan kasallangan bemorlarga arzon preparatlar yetkazib berishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Zavodning kimyogar analitigi bilan o`tkazilgan davra suhbatida talabalarga keyingi 5 yil ichida O`zbekistonda farmatsevtika sanoatinig sezilarli darajada rivojlanganligi, aholini sifatli dori vositalari bilan ta`minlash xajmi ortganligi, kelgusi yillarda dori vositalarini mahalliy ishlab chiqarish xajmini orttirish haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Suhbat davomida Jalilov Ma`rufjon talabalarga o`zi faoliyat olib borayotgan bo`limdagi ishlar, u yerda foydalanilayotgan zamonaviy tibbiy-texnik uskunalar va ularning ishlash prinsiplari haqida bir qator tushunchalar berib o`tdi.