O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi hamda Ozarbayjon Respublikasidagi O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ta’lim ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib etish, xorijiy talabalarni jalb qilish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratildi.

Ko‘rgazma doirasida Andijon davlat tibbiyot instituti vakillari tomonidan qator muhim uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, xorijlik talabalarni Andijon davlat tibbiyot institutiga jalb etish bo‘yicha Ingl School Baku markazi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi. Ushbu kelishuv ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Ozarbayjon Respublikasidan tibbiyot sohasiga qiziquvchi yoshlarni institutga jalb etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Ozarbayjondan talabalarni jalb qilish masalalari yuzasidan Ingl School Baku markazi mutaxassislari bilan alohida uchrashuvlar tashkil etildi. Unda ta’lim yo‘nalishlari, qabul jarayonlari, o‘quv sharoitlari hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar atroflicha muhokama qilindi.

Ko‘rgazma doirasida Ozarbayjon Respublikasidagi O‘zbekiston elchixonasida Andijon davlat tibbiyot institutining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori F. Rasulov Ingl School Baku markazi mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur muloqot davomida institutning xalqaro ta’lim maydonidagi nufuzi, hamkorlik istiqbollari va kelgusidagi qo‘shma loyihalar muhokama etildi. Ta’lim ko‘rgazmasida 10 dan ortiq O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari delegatsiyalari ishtirok etib, o‘z ta’lim imkoniyatlari va ilmiy salohiyatini keng jamoatchilikka taqdim etdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini xalqaro miqyosda tanitish, xorijiy talabalar oqimini oshirish hamda ta’lim sohasida xalqaro integratsiyani kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.