Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Oliy taʼlim muassasalari talabalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, bandligini taʼminlash bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, institut rektorining 2023-yilning 7-iyul kungi № 440 Sh sonli “Qurilish otryadlarini tashkil etish hamda unda faoliyat olib borayotgan talabalarga yotoqxona, maxsus kiyim-kechaklar va issiq ovqat bilan ta’minlash, shuningdek, ish haqqi to‘lash to‘g‘risida”gi buyrug‘i ishlab chiqildi va “Qurilish otryadlari” tashkil etildi.
Mazkur “Qurilish otryadlari” da ishlash istagini bildirgan talabalar ro‘yxati shakllantirildi va talabalarga barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Talabalar bilan institut rahbariyati hamda Fuqaro va mehnat muhofazasi boʻlimi xodimlari uchrashib ishlash jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga to‘liq amal qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib bordi.