Andijon viloyati silga qarshi kurash dispanseri (VSQKD), Andijon davlat tibbiyot instituti ftiziatriya va pulmonologiya, mikrobiologiya, immunologiya va virusologiya kafedrasi hamda vrachlar malaka oshirish fakulteti ftiziatriya kursi xodimlari ishtirokida “1-dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni”ga bag‘ishlangan ilmiy amaliy seminar o’tkazildi.
Dastlab VSQKD bosh shifokori o‘rinbosari J.X.Xalilov seminarni ochiq deb e’lon qildi va viloyatimizdagi OIV bo‘yicha epidemiologik vaziyat to‘g‘risida oxirgi ko‘rsatkichlar bilan tanishtirdi.
So‘ng ADTI VMOF Ftiziatriya kursi dotsenti V.V.Dadaboev OITSning kelib chiqish sabablari, tarixiy ma’lumotlar, kasallik bilan kasallangan shaxslar taqdiri, kasallikning murakkab patogenezini sodda va ravon tilda tinglovchilarga etkazib berdi.
N.Otaxonov esa kasallikka chalingan bemorlarning ramziy belgisi — qizil tasmaning tarixi va qo‘llanilishi haqida o‘z taqdimotini namoyish etdi. Talabalardan I.Jumaboev OIV infeksiyasini tuberkulyoz hastaligi bilan birga kechganda qanday oqibatlarga olib kelishi va tashhisotdagi muammolar, davolashning o‘ziga xosligi haqida batafsil aytib berdi.
Tadbir so‘nggida “Mehringizni ayamang!” deb nomlangan mavzuga oid videofilm namoyish etildi.Anjuman qiziqarli va savol-javobga boy tarzda o‘tkazildi.