Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida 2019 — yil 20- iyul kuni oliy hamshiralik ishi yo`nalishiga o`qishga kirish istagidagi yoshlarning kasbiy (ijodiy) imtihonlari boshlandi. Ijodiy imtihon O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 — yil 9- iyuldagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining faoliyatini kuchaytirish to`g`risida”gi 572-sonli Qarori asosida tashkil etildi.“Oliy hamshiralik ishi” yo`nalishi bo`yicha kasbiy (ijodiy) imtihon dasturi va baholash mezonlari Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ishlab chiqilib, mazkur institut Markaziy uslubiy kengashida ma’qullangan va 2019 — yil 24 — may kungi 10-sonli ilmiy kengash yig`ilishida tasdiqlangan.
ADTIda imtihonlarning adolatli va shaffof tarzda o`tkazilishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Imtihon boshlanishidan oldin rektor M.Madazimov institut hovlisiga yig`ilgan barcha abiturient va ularning ota-onalariga bugungi mas’uliyatli va hayojonli sinovlarda adolatlilik va haqqoniylik taomillariga rioya etilishini ta’minlanishini aytib, barcha abiturientlarga omad tiladi. Imtihon jarayonlarida rektor, professor M.Madazimov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektor, professor G`.Xodjimatov va professor-o`qituvchilar ishtirok etdilar.
Avvalo muhrlangan imtihon savollari konvertini ochishga abiturientlar va ularning ota-onalari guvoh sifatida taklif etildi. Konvertni ochish chog`ida ota-onalardan Andijon shahrilik uy bekasi Dilbaroy Ro’zimatova va Namangan viloyatidan kelgan o`qituvchi Nodiraxon Uzaqovalar qatnashdilar.
Shundan so`ng, kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi. Har bir abiturient belgilangan vaqtda tartib bilan imtihonlarga qo`yildi. Har bir biletda 4 tadan savol bo`lib, ular 20 daqiqa davomida tayyorgarlik ko`rib, so`ng jabob berdilar.
“Hamshiralik ishi asoslari” bo`yicha tashkil etilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlarda abiturientlarning tanlangan mutaxassislik bo`yicha o`qish va keyinchalik ishlab ketish imkoniyatlarini aniqlash, ularning bilim va malakalari darajalari, kasbiy ko`nikmalarini sinovdan o`tkazish asosiy maqsad bo`ldi.
Imtihon jarayonlarida jamoatchilik vakillari va ota-onalar ham ishtirok etib, kuzatib borish imkoniyatiga ega bo`ldilar. Jumladan, O`zbekiston “Adolat” SDP Andijon viloyati Kengashi ijrochi kotibi Mo`minmirzo Qodirov va Izboskan tumanidan Kozimjon Mamasidiqovlar ishtirok etdilar.
Imtihonlarda ochiqlik va xolislikni o`rnatish uchun kuzatuv kameralari muntazam ishlab, har bir abiturientning imtihon davomidagi o`zini tutishi va javob berish jarayonlari videoyozuvga olinib borildi.
Bilimli va malakali yoshlarga omad kulib boqishi, shubhasizdir. Eslatib o`tamiz, 20 iyul kuni o`tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlarda jami ro`yhatdan o`tgan 273 nafar abiturientdan 260 nafari ishtirok etdilar. Endi navbat test sinovlariga!