Andijon davlat tibbiyot instituti Kengashlar zali “Ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatini institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.Asxanov ochib, ekstremizm va terrorizm tushunchalari, ekstremistik oqimlarning g‘arazli maqsadlari xususida to‘htalib o‘tdi.
Davra suhbatida so‘z olgan Andijon viloyat Ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibot markazi rahbari M.G‘ofurov yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samardorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, xalqimizning boy ma’naviy merosidan bahramand yoshlar har qanday yot g‘oyalarga aldanmasligi, shuning uchun ham xalqimizning tarixini chuqur o‘rganib, ma’naviyatimizni boyitib borishimiz zarurligi haqida fikrlar bildirdi.
Shundan so‘ng so‘z olgan Andijon shahar “Uyg‘ur” jome’ masjidi imom hatibi A.Artiqov prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat tufayli mamlakatimizda turli din vakillari do‘stlik va ahillikda yashab kelayotganligi, din niqobi ostidagi ekstremistik oqimlar bu do‘stlik, tinchlik, xotirjamlikka raxna solish maqsadida turli nizolar chiqarish uchun ish olib boriyotganligi haqida so‘z yuritdi. Har bir yosh o‘z fikriga ega bo‘lishi, diniy bilimlarni olish uchun rasmiy diniy muassasalarga murojaat qilishlari zarurlini ta’kidlab o‘tdi.
Andijon viloyat hokimi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Andijonda yoshlar o‘n kunligi” loyihasi ishtirokchisi R.Tursunov mamlakatimizda yosh avlodning komil insonlar bo‘lib kamol topishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligi, yoshlarimiz buzg‘unchi g‘oyalar bilana harakat qiluvchi guruhlarning asl maqsadlarini anglab etishlari zarurligi, internet tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanishlari, mamlakat taraqqiyotining asosi tinchlik, qaysi din vakili bo‘lmasin o‘zaro hamjihat yashash va mehnat qilish asosida katta yutuqlarga erishish, ezgu maqsadlarni amalga oshirish barqaror rivojlanishning garovi ekanligi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.
Davra suhbati yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Talaba-yoshlar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olishdi.
A.Abduxalimov
ADTI yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i