2019-yil 11-yanvar kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi hamda Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda 14 yanvar –Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Adolat ustuvor Armiyam” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida O‘zbekiston “Adolat” SDP viloyat kengashi xodimlari, partiya faollari, mahalliy kengash deputatlari, faxriylar, harbiy qism va milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, professor-o‘qituvchilar, ADTI Harbiy tayyorgarlik kafedrasi xodimlari, talaba-kursantlar, institut yoshlar ittifoqi faollari, OAV vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov ochib, barcha yig‘ilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan qizg‘in tabrikladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
So‘ngra, Harbiy tayyorgarlik kafedrasi o‘quv bo‘limi boshlig‘i A.Soliev ma’ruza qildi va tadbir ishtirokchilarini bayram bilan qutladi.
Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP viloyat kengashi matbuot kotibi A.Nazarov ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi.
Institutning iqtidorli talabalari o‘zlari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, ona Vatan, tinch va osuda hayotimiz, Milliy Armiya, mard va jasur o‘g‘lonlar- harbiylarni madh etuvchi she’r va qo‘shiqlari bilan bayramga o‘zgacha fayz kiritdilar.
ADTI Harbiy tayyorgarlik kafedrasi talaba-kursantlari ham harbiy tayyorgarlik mashqlarini namoyish etdilar.
Shuningdek, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining chiqishlari, ular tomonidan bajarilgan murakkab tryuklar barchada katta taassurot qoldirdi.
Tadbir ishtirokchilari jonajon yurtimiz, sarhadlarimiz daxlsizligi, chegaralarimiz mustahkamligiyu xalqimizning tinch-osoyishta hayoti ana shunday baquvvat, qat’iyatli va jasur o‘g‘lonlarning himoyasida ekanligidan faxrlandilar.
Tadbir yakunida Harbiy tayyorgarlik kafedrasi boshlig‘i A.Nasriddinov tashkilotchilarga, harbiy xizmatchilarga faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi.
ADTI matbuot xizmati.