Shu kunlarda yurtimizda Navro‘z shukuhi. Qadimiy va barchaga yoqimli bahor ayyomi munosabati bilan joylarda turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilmoqda.
2019-yil 12-mart kuni Andijon davlat tibbiyot instituti talabalar turar joyida katta doshqozonlarda o‘zbekning milliy taomi bo‘lgan sumalak tayyorlandi.
Shu kuni institut xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan fakultetlarning talaba-qizlari o‘rtasida “Mohir pazanda” ko‘rik- tanlovi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori P.Asxanov ochib berdi va ishtirokchi talabalarga muvaffaqiyatlar tiladi.
Tanlov ishtirokchilari 4 ta shart bo‘yicha bellashdilar. Shartlarni bajarishda talaba-qizlar nafaqat tibbiyotga oid bilimlarini balki, xonandalik, raqqosalik, pazandachilik borasidagi qobiliyatlarini ham namoyish qildilar.
Zukko, lobar, pazanda qizlarning har bir chiqishlarini prorektorlar, davolash va pediatriya fakulteti dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, institut xotin-qizlar qo‘mitasi faollari, talabalar kuzatib bordilar. Shuningdek, talaba-qizlarning mahoratlarini hay’at a’zolari odilona baholadilar.
Tanlov yakunida faol ishtirok etgan har ikki jamoa qizlari xodimlar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.