O’tib borayotgan har bir kunimiz bizni eng ulug’, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning 28 yilligi sari yaqinlashtirmoqda. Bu qutlug’ ayyom va yangi o’quv yili oldidan yurtimizning barcha hududlarida bo’lganidek, Andijon davlat tibbiyot institutida ham ezgu va xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
2019-yil 22-iyul kuni Andijon davlat tibbiyot institutiga viloyat hokimining yoshlar bilan ishlash bo’yicha o’rinbosari O’tkirbek Shukurov tashrif buyurdi. Tashrif chog’ida u institut Axborot-resurs markazida bo’lib, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning ADTI jamoasi va talabalari uchun sovg’asi — 200 nusxadan ortiq badiiy va mutaxassislikka oid adabiyotlarni topshirdi. O’.Shukurov avvalo institut ARMidagi mavjud shart-sharoitlar, yangi adabiyotlar, elektron adabiyotlar bazasi bilan tanishib, gazeta-jurnallar tahlamalari va xorijiy adabiyotlar bilan ishlash bo’limi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida institut rektori M.Madazimov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor G’.Xodjimatov, yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor P.Asxanov, ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limi boshlig’i G’.To’ychiev, Yoshlar ittifoqi institut boshlang’ich tashkiloti faollari hamroh bo’lib, yangi o’quv yili oldidan qizg’in tayyorgarlik ishlari, qulay va yetarli sharoitlar yaratish, adabiyotlar bilan ta’minlash bo’yicha olib borilayotgan ishlar xususida suhbat olib borildi.
Shu kuni institut rektori M.Madazimov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor G’.Xodjimatov, yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor P.Asxanovlar ham o’zlarining shaxsiy kutubxonalaridan 15-20 nusxadan kitoblarni hadya qildilar.
Yildan-yilga institutda ta’lim olayotgan talabalar soni ko’payib borayotganligi sababli adabiyotlarga bo’lgan ehtiyojni qondirish maqsadida institut rektori tashabbusi bilan ARMga 72 million so’mlik DUPLO – raqamli rezograf apparati keltirildi. Ayni vaqtda kichik bosmaxonani ishga tushirish uchun mutaxassislarni jalb etish, amaldagi qonun–qoidalar asosida hujjatlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Tashrif yakunida M.Madazimov viloyat hokimining sovg’alari uchun institut ma’muriyati nomidan o’z minnatdorchiligini bildirdi. Institutda bayramoldi tadbirlar va yangi o’quv yiliga tayyorgarlik ishlari qizg’in davom etmoqda.