Yangi yil bayrami barchaga birdek zavq ulashuvchi ayyomdir. Shu kunlarda ona O‘zbekistonimizda, go‘zal Andijonimizda ana shu bayram shukuhi. Ko‘cha-yu xiyobonlar bayramona libosga burkangan.
Shahar markazida qad rostlagan ulkan va ko‘rkam Archa katta-yu kichikni o‘ziga chorlamoqda. Bayramona bezatilgan ko‘cha va xiyobonlar bahri dilingni ochadi. Bayramni mana shunday munosib tayyorgarlik va shodu-xurramlik bilan qarshilash xalqimizga azaliy odat.
An’anga ko‘ra Andijon davlat tibbiyot institutida ham Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlanib ketgan. Institut hovlisidagi rango-rang panno va chiroqlar har bir insonga bir olam zavq-shavq, ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.
Odamlar qalbida farahbaxsh kunlar uchun shukronalik hissini oshirib, ezgu niyatlarni uyg‘otmoqda.
Fakultetlar, kafedralarda bayram tadbirlari boshlanib ketgan. Yangi yil tadbirlarida iqtidorli talabalarning sho‘h raqslariga qalbi qaynoq ustozlar — professor-o‘qituvchilar qo‘shilib raqs etishmoqda.
Institut hovlisi, fayesi, talabalar turar joyidagi Yangi yil Archalari bayramona libosi bilan ko‘zlarni quvontiradi, ezgulikka chorlaydi. Dillarda bir ezgu tilak – Yangi yil barchaga baxt, omad, yangi-yangi yutuqlar olib kelsin!
ADTI axborot xizmati