2019- yil 12-aprel kuni Andijon davlat tibbiyot instituti xalqaro hamkorlik bo‘limida institut rahbariyati bilan Belorussiya diplomdan keyingi oliy ta’lim tibbiyot akademiyasi rahbariyati bilan onlayn muloqot tashkil etildi.
Onlayn muloqotda Belorussiya diplomdan keyingi oliy ta’lim tibbiyot akademiyasi rektori, t.f.n, dotsent Dmitriy Mixaylovich Nitkin, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, t.f.n, dotsent Tatyana Vladlenovna Kalilina, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor,t.f.d, professor Yuriy Mixaylovich Gain va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i t.f.n. Andrey Vladimirovich Platonovlar bilan masofadan turib yuzma-yuz ADTI rektori, professor M.M.Madazimov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, professor A.Arziqulov, ilmiy ishlar va ilmiy- tadqiqot bo‘limi boshlig‘i G.N.Mamatxo‘jaeva, Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti dekani X.X.Tursunov hamda xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i K.Saloxiddinovlar ishtirok etdilar.
Muloqotni ADTI rektori M.Madazimov boshlab, institut haqida, uning bugungi kundagi ilmiy salohiyati, kadrlar va tor soha mutaxassislarini tayyorlash va istiqboldagi rejalar xususida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi. Akademiya rektori D.M.Nitkin ilmiy sohani rivojlantirishda hamkorlikni rivojlantirish, jahon talablari darajasida mutaxassislar tayyorlash, magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishlarida malakali mutaxassislarni tarbiyalash, shuningdek, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish masalalarida o‘z takliflarini bildirdi.
Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i K.Saloxiddinov va vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti dekani X.Tursunovlar masofadan turib ta’lim olishni tashkil etish, akademik mobillik, hamkorlikda onlayn konferensiyalar, ma’ruzalar tashkil etish bo‘yicha fikr-mulohazalarini aytib o‘tdi. Muloqot yakunida hamkorlar do‘stona va samimiy tarzda o‘tkazilgan ilmiy muloqot, o‘zaro manfaatli hamkorlik takliflari uchun bir-birlariga chuqur minnatdorchilik bildirdilar.