14- fevral. Bu sana andijonliklar uchun juda qadrli. Shu kuni yurtdoshlarimiz erta tongdan qalb amri bilan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi maydonga shoshildilar. Kun sovuq va yomg‘irli bo‘lishiga qaramasdan yuzlab hamyurtlarimiz – Bobur avlodlari ulug‘ ajdodimiz haykali atrofida jamuljam bo‘ldilar. Mumtoz kuy-navolar yangrab, buyuk yurtdoshimiz, shoh va shoir Bobur haykali poyiga yuksak hurmat va ehtirom bilan gulchambarlar qo‘yildi.
Tantanali tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Qo‘chqarova ochib, barchani bayram bilan tabrikladi.
Shundan so‘ng, Andijon viloyati hokimi, senator Shuhratbek Abdurahmonov so‘zga chiqib, Zahiriddin Muhammad Boburning ibratli hayoti, boburiylar sulolasining bashariyatga qoldirgan bebaho merosi xususida ma’ruza qilib, barchani ulug‘ bobomiz xotirasiga bag‘ishlangan anjuman bilan qutladi.
Tantanada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid so‘z olib, Yozuvchilar uyushmasi nomidan barchani muborakbod etdi va o‘z ijodidan namunalar o‘qib berdi.
Mazkur adabiy tadbirlarda ADTI rektori M.Madazimov, dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.
Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tantanalar Bog‘i Boburda davom etdi.
Tadbirlar doirasida Hindiston, Pokiston va Bangladesh kabi xorijiy yurtlardan, respublikamizning boshqa viloyatlaridan kelgan barcha mehmonlar va adabiyot muxlislari ishtirokida Bobur nomli Xalqaro jamoat fondining anjumanlar zalida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Anjuman ishini Bobur nomli Xalqaro jamoat fondi direktori Zokirjon Mashrapov olib bordi.