Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, klinik ordinator va magistrlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G‘.Hodjimatov olib bordi.
Yig‘ilish O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017- yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 2909-sonli qarori ijrosini ta’minlash,xususan Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini xorijda malakasini oshirish, stajirovkasini o‘tkazish, yoshlarni doktorantura va magistraturada o‘qishlarini tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlandi.
Jumladan, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijda malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktoranturada o‘qish uchun yuborilishi rejalashtirilayotgan nomzodlarning hujjatlarini belgilangan talablar asosida o‘rganish va saralash bo‘yicha ishchi guruhini shakllantirish, nomzodlarning hujjatlarini belgilangan talablar asosida qabul qilishni tashkil etish va hujjatlarni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy metodik markaziga taqdim etilishini ta’minlash xususida so‘z bordi. Bu borada vazifalar belgilab olinib, mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi.