2019- yil 8- fevral kuni Germaniya hamkorlik tashkiloti (GIZ) “ O‘zbekistonda zamonaviy yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar bilan ishlovchi kadrlarning tibbiy va texnik malakasini oshirish” loyihasi rahbari Evelina Toteva hamda milliy koordinator N.Muratovalar tashrif buyurdilar.
Mehmonlarni institut rektori, professor M.Madazimov, ADTI klinikasi bosh shifokori B.Rahmonov,o’quv ishlari bo’yicha prorektor A.Arziqulov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G‘.Xodjimatov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i K.Salohiddinov va boshqalar yuksak ehtirom bilan kutib oldilar.
Dastlab, xalqaro hamkorlik bo‘limida mehmonlar bilan qizg‘in va samimiy suhbat olib borildi.
Suhbat davomida germaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlik qilish, tajriba almashish, zamonaviy asbob-uskunalarda ishlay oladigan yuqori malakali tibbiy va texnik xodimlar tayyorlash, shuningdek, ta’lim sohasida talabalar almashinuvi, nemis tilini mukammal o‘rganish haqida har ikki tomon vakillari o‘z fikrlarini bildirdilar. Shuningdek, ular kelgusidagi rejalar xususida kelishib oldilar.
Suhbat jarayonida Evelina xonim O‘zbekiston va mehmondo‘st xalqimiz to‘g‘risida o‘zining samimiy fikrlarini bildirdi. Andijon davlat tibbiyot instituti, ADTI klinikasi va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikdan ulkan natijalar kutilayotganligini ta’kidladi.
O‘z o‘rnida institut rektori M.Madazimov ham germaniyalik mehmonga esdalik sovg‘alarini taqdim etib, tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi.
So‘ngra Germaniya hamkorlik tashkiloti vakillari institut simulyatsion o‘quv markazida bo‘ldilar.
Ular bu yerdagi trenajyor, mulyajlar va boshqa tibbiy jihoz hamda asbob-uskunalar bilan tanishib, amaliyot jarayonlarini kuzatdilar.