O‘zbekiston — yoshlar mamlakati. Har bir yoshning taqdiri hukumatimiz, shaxsan Prezidentimiz e’tiborida. Yakunlangan 2019-yilning 27-dekabr kuni mamlakatimiz Prezidenti faol yoshlar vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida yoshlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida chora-tadbirlarni yanada kuchayirish borasida bir qator vazifalar belgilab berganligi fikrimiz isbotidir. Mazkur vazifalar ijrosi yosh avlodni yanada barkamol insonlar bo‘lib kamol topishlariga hamda Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlariga zamindir.
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi yoshlarni hayotda o‘z o‘ringa ega bo‘lishlaridagi asosiy omillardan biridir. Andijon davlat tibbiyot institutida Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari bilan ADTI bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bitiruvchilari hamda klinik ordinatorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirni ADTI rektori, professor M.Madazimov ochib, mamlakatimizda tibbiyot sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, xalq sog‘ligini mustahkamlash borasidagi chora-tadbirlar haqida gapirdi.
Jumladan kadrlar sifati, ularning salohiyatini oshirish maqsadida davlat va mahalliy byudjet hisobidan katta mablag‘ ajratilganligi, institutda tashkil etilgan simulyatsion o‘quv markazida bitiruvchi va amaliyotchi shifokorlarni amaliy ko‘nikmalarini oshirish va mutaxassislarga qo‘yilayotgan talablar xususida to‘xtaldi. Shuningdek, uchrashuvga tashrif buyurgan mehmonlarni tanishtirdi.
Shundan so‘ng, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmanov so‘zga chiqib, viloyatimiz tibbiyot muaasasalaridagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida, tor mutaxassislarga, UAShga bo‘lgan talablar, shuningdek, xususiy sektordagi imkoniyatlar, davlat tashkilotlaridagi “Ustoz-shogird” an’analari, mutaxassislarni tayyorlash, ularga yaratilgan imkoniyat va sharoitlar haqida tushuncha berdi.
Tadbir davomida yangi hayotga qadam qo‘yayotgan mutaxassislarning ishga, ertangi kunga munosabati xususida qizg‘in va samimiy suhbatlashildi. Ish beruvchilar bilan bitiruvchilar ochiq muloqotda bo‘lishib, ularni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdilar. Bitiruvchilar kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Tadbirda institut fakultetlari dekanlari, marketing xizmati bo‘limi boshlig‘i A.Ziyaevlar ham ishtirok etdilar.
ADTI axborot xizmati