Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020-yil 24-yanvar kungi Oliy Majlisga Murojaatnomasini Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi, professor-o‘qituvchilari va talabalari diqqat-e’tibor bilan tingladilar. Murojaatnomada xalqchil, ochiq-oydin va ayni muddaoga fikrlar bildirilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Hayotimizning har bir jabhasiga teran nazar tashlab, adolatli fikr va takliflar bildirilgan, ustuvor vazifalar tilga olingan ushbu murojaatnoma barchamizni to‘lqinlantirib yubordi.
Prezidentimizning 2020-yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlash borasidagi taklifi jamoamizni ruhlantirdi. Institutimiz ilmiy salohiyatini oshirish, kampyuter texnologiyalardan unumli foydalanish borasida bir qator ishlarni amalga oshirayotgan edik, 2020-yilga bunday nomlashi mazkur ishlarimizni yanada rivojlantirishga asos bo‘ladi.
Yoshlarga qaratilgan e’tibor, ularni ishga, o‘qishga va tadbirkorlikka jalb etish, ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bilan yoshlarga kamarbasta bo‘lish muhim vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi. Oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy va akademik mustaqillik berish, davlat grantlari ikki barabor ko‘paytirilishi, qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi, oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar ikki barobar qisqartirilishi, pedagogik oliy ta’lim muassasalarida 6 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati uch yil etib belgilash, har bir oliy ta’lim muassasasi nufuzli chet el universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish kabi takliflari alohida e’tirofga loyiq.
Yurtboshimiz tilga olgan vazifalar o‘rtasida tibbiyot sohasini rivojlantirish, shifokorlarni o‘qituvchilar kabi jamiyatda mavqeini, obro‘sini oshirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash masalasi ham barchamizni quvontirdi. Ayniqsa, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ommaviy sportga jalb etish, mahallalarda sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun maxsus maydonlar tashkil etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish borasidagi takliflari barchaga ma’qul keldi. Shuningdek, ekologiyani yaxshilash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, yurtimizni bog‘-rog‘larga aylantirish borasidagi fikrlari ayni dilimizdagi gaplar bo‘ldi.
Muhtaram Prezidentimizning xalq g‘amini, dardini to‘g‘ri anglab, unga malham bo‘lishga, muammolarni o‘z vaqtida xal etishga qaratilgan ijtimoiy himoya va moliyaviy loyihalari hech kimni befarq qoldirmadi. SHu o‘rinda hammani larzaga solgan mavzulardan biri jamiyatimimizda korrupsion holatlarning hanuz davom etib kelayotganligi masalasi bo‘ldi. Taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotgan, yovuz illat, bu baloni, oyog‘imizga kishan bo‘lib turgan illat — korrupsiyadan xalos bo‘lish uchun barchamiz, keng jamoatchilik barobar kurashishimiz, bu yo‘nalishda tizimli komissiya ish olib borishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz Murojaatnomasi istiqbolimizni belgilab beruchi muhim mayoq bo‘ldi, deya ayta olamiz. Bu bizni xalq tinchligi, yurt farovonligi va el salomatligi yo‘lidagi ezgu ishlarga chorlaydi.
Madaminjon Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.