2019- yil 27- mart kuni Andijon davlat tibbiyot institutida navbatdagi ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni institut rektori, professor M.Madazimov ochdi va kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirdi.
Yig‘ilishning an’anaviy tantanali qismida institut miqyosida erishilgan yutuqlar tilga olib o‘tildi. Unda biologik kimyo kafedrasi dotsenti To‘lqin Inaqovning olib borayotgan ilmiy izlanishlari va erishayotgan yutuqlari e’tirof etilib, ilmiy kengash tomonidan ustozga professor unvoni tantanali topshirildi.
Bolalar jarrohligi, anesteziologiya va reanimatologiyasi kafedrasi assistenti Karimjon Yulchiev falsafa doktorligi ilmiy darajasiga erishganligi e’lon qilinib, kengash a’zolari nomidan qizg‘in muborakbod etildi.
Institut tarixida birinchi marta pediatriya fakulteti talabasi Xusnigul Muxtorjonova fan yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga erishganligi munosabati bilan unga davlat mukofoti diplomi va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, pediatriya fakulteti 2 –bosqich talabasi Abdurauf Abdurashidov hamda davolash fakulteti talabasi Muhammadayyubxon Boboev Olma-ota shahrida o‘tkazilgan fan olimpiadasida ishtirok etib, “Eng yaxshi ilmiy maqola” yo‘nalishi bo‘yicha faxrli 1- va 2 –o‘rinlarni egalladilar hamda dimlom bilan taqdirlandilar. Taqdirlangan professor-o‘qituvchilar va talabalarga pul mukofotlari hamda guldastalar topshirildi.
Shundan so‘ng, ilmiy kengash yig‘ilishi kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Kengash a’zolari kelgusida yanada mas’uliyat bilan ish olib borishga kelishib oldilar.