“O‘zbekiston yoshlari jinoyatchilikka qarshi kurashadilar!” — Андижанский государственный медицинский институт
Welcome to Андижанский государственный медицинский институт   Click to listen highlighted text! Welcome to Андижанский государственный медицинский институт

“O‘zbekiston yoshlari jinoyatchilikka qarshi kurashadilar!”

16:57 08.10.2019

Mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida insonni jazolash emas, balki uni to‘g‘ri yo‘ldan adashib qolishini oldini olish masalasiga e’tibor qaratilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi sudya katta yordamchisi Mohidilxon Mamatova tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston yoshlari jinoyatchilikka qarshi kurashadilar!” aksiyasi aynan mana shu maqsadga qaratilgan. Mazkur aksiya doirasida Andijon davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan tadbir institut talabalari faol ishtirok etishdi.

Tadbirda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalarning vakillari ishtirok etdilar. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik holatlarini oldini olish va ularning huquqiy bilimlarni oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirni institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Abdupatto Asxanov ochib berar ekan, mamlakatimizda jinoyatchilikni oldini olish, xususan, korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida to‘htalib o‘tdi.

Shundan so‘ng so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi   huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Sultonov jinoyatchilikka qarshi kurashda yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Notiq o‘z so‘zida yoshlarimiz jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqiy bilimlarini boyitish masalasida loqaydlikka yo‘l qo‘ymasligi zarurligini uqtirib o‘tdi.

Tadbir tashkilotchisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi sudya katta yordamchisi M.Mamatova tadbir ishtirokchilariga aksiya mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritar ekan, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning turlari, yoshlarning huquqiy bilimlarni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, maktablarda tashkil etilayotgan “Huquq sinflari” haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Tadbir davomida namoyish etilgan ona-Vatanni madh etuvchi video-rolik ishtirokchilar dilidaga bunyodkorlik ruhini yanada jonlantirdi. Tadbirda so‘z olgan talabalar yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy mavzudagi targ‘ibot tadbirlari yoshlarning bilimlarni boyitishda alohida ahamiyat kashf etishini e’tirof etishdi.

“O‘zbekiston yoshlari jinoyatchilikka qarshi kurashadilar!” aksiyasi davomida Andijon shahridagi 35-ixtisoslashtirilgan maktabning 5-, 6-sinf o‘quvchilari voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan ayrim huquqbuzarlik holatlari va ularga nisbatan qo‘llaniladigan jazo turlari haqida o‘zbek va rus tillarida qisqa-qisqa tushunchalar berib o‘tishdi va bu borada o‘z bilimlarini ko‘rsatishdi.

Yoshlarning huquqiy bilimlarini boyitish maqsadida uyushtirilgan aksiya davomida ADTI quvnoq va zukko talabalaridan iborat “Ulfatlar” jamoasi huqubuzarlik holatlarini o‘zlarining kulgu ostidagi sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berdilar. Tadbir davomida o‘qilgan she’rlar, yangragan qo‘shiqlar talaba-yoshlarni ezgu maqsadlar sari undadi.

“O‘zbekiston yoshlari jinoyatchilikka qarshi kurashadilar!” aksiyasi yoshlarni huquqiy savodxonligini oshirish bilan birga ularni bir maqsad uchun – Vatan ravnaqi uchun dadil qadam tashlashga undadi.

Odiljon KARIMOV,

ADTI matbuot kotibi

Skip to content Click to listen highlighted text!