2019- yil 30-mart kuni Andijon davlat tibbiyot institutida «Suitsidologiyaning dolzarb muammolari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut rektori M.Madazimov ochib berdi va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari sa’yi harakatlari bilan tashkil etilgan konferensiyada oliy va o‘rta-maxsus ta’lim tizimi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan soha mutaxassislari, ADTI professor-o‘qituvchilari, institut psixiatriya va narkologiya kafedrasi xodimlari ishtirok etdilar.
Anjuman ishida viloyat hokimligi ijtimoiy kotibiyati mudiri A.Mirkomilov so‘zga chiqib, anjuman bugungi kunning eng dolzarb mavzusiga bag‘ishlanganligini ta’kidladi va tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilariga “Yashash baxti” deb nomlangan videofilm namoyish etildi. Konferensiyada Toshkent shahri bilan onlayn rejimida muloqot o‘rnatildi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh suitsidologi G.Perlieva “O‘zbekistonda suitsidologiya holati va muammolari”, Toshkent tibbiyot Akademiyasi Psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri Z.Ashurov “Depressiya va suitsidlar profilaktikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri V.Abdullaeva “”Bolalar va o‘smirlardagi o‘z joniga qasd qilishning o‘ziga xos xususiyatlari “ mavzusida videoma’ruza qildilar.
Andijon shahar Eski Gumbaz jome’ masjidining imom xatibi B.Ro‘ziboevning “O‘z joniga qasd qilishning diniy oqibatlari” mavzusidagi ma’ruzasi ham barchaning diqqatini tortdi.
Tadbir davomida viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik G.Abduvohidova, Andijon davlat universiteti psixologiya kafedrasi mudiri N.Halimova, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh suitsidologi B.Hamidov va boshqa mutaxassislarning mavzuga doir ma’lumotlari hamda fikr-mulohazalari konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ilmiy –amaliy konferensiya yuksak saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Konferensiya jarayoni savol-javoblar, o‘zaro fikr-mulohazalar, takliflar bilan yanada mazmunli va qiziqarli bo‘ldi.
Tadbir yakunida rezolyutsiya qabul qilindi. Mutaxassislar kelgusida mazkur dolzarb muammoning oldini olish bo‘yicha amaliy ishlarni olib borishda hamjihat bo‘lishga kelishib oldilar.