Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, sifat va samaradorligini yaxshilash, hamda tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari 2019- yilning 21- iyun kuni Marhamat tumani TTBga qarashli Ershi MFYda joylashgan 32-qishloq oilaviy poliklinikasi va Ibn Sino nomli qishloq vrachlik punktlarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazdilar.
Tibbiy ko‘rikda pediatr, akusher-ginekolog, terapevt, xirurg, onkolog, kardiolog, nevropatolog, okulist, dermatovenerolog, endokrinolog, lor, travmatolog, infeksionist mutaxassislaridan iborat jami 51 nafar malakali professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
Tibbiy ko‘rik bilan hududning 1745 nafar aholisi qamrab olindi. Ko‘rikda 124 nafar fuqaroda surunkali xastaliklar aniqlandi va kerakli maslahatlar berildi.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muxtoj bo‘lgan 10 nafar fuqaro yashash joylariga borib ko‘rilib, kerakli tavsiya va yordamlar ko‘rsatildi, 24 nafar fuqaroga davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018- yil 18 -dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4063-sonli qarorlari ijrosi bo‘yicha 48 nafar amaliyotchi talaba 175 ta xonadonda patronaj va tibbiy madaniyatni oshirish bo’yicha targ‘ibot olib borishdi.