2018-yil 6-dekabr kuni Yaponiya Xalqaro Hamkorlik agentligi (JIKA) vakillari Tanigushi Hajime, Matsuno Masato, Takemura Yoshimasa, Taketsuru Eyko hamda agentlikning O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatorlari Malik Muhitdinov, Sharifzoda Sharipovlardan iborat delegatsiya a’zolari Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdilar. Mazkur delegatsiya O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish, o‘rganib chiqish maqsadida yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi. Delegatsiya a’zolarini Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.Madazimov, ADTI klinikasi bosh shifokori B.Rahmonov, vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti dekani H.Tursunov va boshqalar samimiy kutib oldilar.
Shundan so‘ng, institut xalqaro hamkorlik bo‘limida Yaponiya delegatsiyasi a’zolari bilan qizg‘in va do‘stona suhbat bo‘lib o‘tdi. ADTI rektori M.Madazimov yaponiyalik mehmonlarni institut faoliyati bilan batafsil tanishtirdi. Jumladan o‘quv-uslubiy, ilmiy –amaliy, xalqaro hamkorlik aloqalari xususida gapirib, delegatsiya a’zolarini qiziqtirgan savollarga javob berdi. Shuningdek, bugungi kunda ADTI klinikasini barcha talablarga javob bera oladigan fan, ta’lim, davolash bazasiga aylantirish uchun zamonaviy davolash va diagnostik asbob-uskunalar zarurligini ta’kidladi.
Suhbat davomida ADTI klinikasi bosh shifokori B.Rahmonov institutning asosiy o‘quv bazasi hisoblangan klinikaning bugungi faoliyati bilan tanishtirdi.U yerdagi davolash bo‘limlari va kafedralar faoliyatiga to‘xtalib, zamonaviy tibbiy jihozlar va asbob uskunalarning yetishmayotganligini aytib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida professor H.Tursunov vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdi.
Suhbat yakunida institut rektori M.Madazimov mazkur hamkorlik aloqalari kelgusida o‘zining samarasini berishiga, qolaversa,talabalarning tibbiy bilimlarni mukammal egallashlarida, ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlar, mutaxassislar faoliyatida foydali bo‘lishiga ishonch bildirdi. O‘z o‘rnida delegatsiya rahbari Tanigushi Hajime ham ADTI va uning bazasidagi klinika to‘g‘risida berilgan ma’lumotlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng, Yaponiya delegatsiyasi instutut simulyatsion markazida bo`lib u yerdagi amaliyot jarayonlari bilan tanishdilar.
So`ngra yaponiyalik mutaxassislar Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga tashrif buyurdilar.
Uchrashuv chog‘ida VMO va QT fakulteti operativ diagnostik, endoxirurgiya, stomatologiya va urologiya kafedrasi dotsenti, klinika bosh shifokori B.Rahmonov mehmonlarga kunchiqar davlat bilan azaliy hamkorlik aloqalari mavjudligini aytib, klinikadagi bo‘limlar faoliyati, jumladan Yaponiya hukumatining kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordami dasturi orqali Yaponiya hukumati tomonidan O‘zbekiston xalqiga taqdim etilgan va hozirda qo‘llanilayotgan tibbiy jihozlar, asbob-uskunalar bilan tanishtirdi. Ularni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdi.