Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimovning topshirig‘iga binoan O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor v.v.b. Z.Mamasoliyev hamda Moliya va iqtisodiyot masalalari bo‘yicha prorektor Z.Mamajonov institutning Talabalar turar joyi issiqlik tizimi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. O‘rganishlar davomida prorektorlar xodimlar va talabalarga qish mavsumida qulay sharoit yaratish, binolardagi issiqlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlarga alohida ahamiyat berdilar.


Dastavval prorektorlar binolardagi ko‘mir zaxirasi, qozonxonalarning ishlash holati va issiqlikning 70 darajada barqarorligini kuzatishdi.
Shundan soʻng prorektor Z.Mamasoliyev talabalar bilan suhbat olib bordi. Unda turar joyi oshxonasi jarayonlari hamda imkoniyatlar bilan tanishdi. Shuningdek, “Besh tashabbus” xonalarining imkoniyatlari, to‘garaklar faoliyatini o‘rganildi.


Shundan so‘ng axborot-resurs markazidagi badiiy va ilmiy, elektron adabiyotlar fondi, o‘quv zallari sharoitlari bilan tanishilib, talabalarga kerakli adabiyotlarni yanada ko‘paytirish, kutubxona fondini kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga tavsiya va takliflar berildi.



Talabalar bilan suhbat davomida talabalarga bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari, buning uchun institut Axborot resurs markazida ko‘plab kitoblar mavjudligi, Talabalar turar joyida ko‘plab to‘garaklar faoliyat yuritayotganligi, Simulyatsiya markazida nazariy bilimlarini amaliyotda mustahklash imkoniyatlari mavjudligi haqida so‘z yuritildi. Yoshlarning bilimlarini doimiy tarzda boyitib borish kelajakda sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlarida katta ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tildi.

