Bugun, 3-noyabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Tibbiyotda simulyatsion o‘qitish: muammolar, yechimlar, istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjuman qatnashchilari milliy musiqa sadolari ostida, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.
Anjumanni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berdi va barcha tadbir qatnashchilariga tibbiyotda simulyatsion o‘qitishning muammolari, yechimi va istiqbollariga befarq bo‘lmagan hamda bu borada yosh avlodga o‘z bilimlarini yetkazish maqsadida qatnashayotganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatovning anjuman qatnashchilariga tabrigini Fan va o‘quv yurtlari bosh boshqarmasi boshlig‘i O‘.Ismoilov o‘qib eshittirdi.
Ochilish marosimida Rossiyaning tibbiyotda simulyatsion ta’lim jamiyati ijrochi direktori va prezidiumi boshqaruvi raisi Kolish Aleksandr Lvovich, Yevropa tibbiyotda simulyatsiya instituti direktori Rossiyaning tibbiyotda simulyatsion ta’lim jamiyati ekspert qo‘mitasi raisi Gorshkov Maksim Dmitriyevich hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori J.Rizayev anjuman qatnashchilariga tabriklarini yo‘lladi.
Mazkur xalqaro anjuman onlayn va offlayn (gibrid) shaklda tashkil qilingan bo‘lib, unda respublikamiz bo‘ylab hamda Rossiya, Ozarbayjon, Germaniya, Qirg‘iziston, Belorus, Yaponiya davlatlaridan kelgan 200 nafardan ziyod soha mutaxassislari, ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi.
Anjumanga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan institut rektori va tashkilotchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Anjuman 3 ta seksiyaga bo‘lingan holda o‘tkazildi va seksiyalarda 50 dan ziyod ma’ruzalar tinglandi. Unda “Andijon davlat tibbiyot institutida simulyatsion ta’limni tashkil qilish: hal qilingan va hal qilinmagan muammolar”, “Mutaxassislarning umumiy va kasbiy kompetensiyasini samarali shakllantirishda potensial simulyatorlar”, “ Simulyatsion jixozlardan foydalanib ta’lim dasturini loyihalashtirish”, “Simulyatsiya markazi talabalarning o‘quv, ilmiy va darsdan tashqari faoliyat maydoni”, “Simulyatsiya markazlar uchun mutaxassislar tayyorlashning dolzarb muammolari”, “Simulyatorda o‘qitishda kutilishi mumkin bo‘lgan xatolar va ularni bartaraf etish yo‘llari”, “Simulyatsion ta’lim yordamida tibbiy ta’lim sifatini oshirish”, “Psixiatriya kafedrasida amaliy mashg‘ulotlarni o‘qitishda simulyatsion metodlarni qo‘llash”, “Kritik akusherlik holatlarida shoshilinch yordam ko‘rsatishda simulyatsion ta’limning o‘rni” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglovchilarga yetkazildi.
Shuningdek, Rossiya va Yaponiya davlatlaridan kelgan mutaxassislar tomonidan “DIMEDUS raqamli tibbiy ta’lim tizimi”, “Yangi churra opertasiyaga qanday moslashish mumkin, ventral churralarda eTER” mavzularida amaliy mahorat darslari o‘tkazildi.
Anjuman yakunida mehmonlarga institut rahbariyati tomonidan diplom, tashakkur va esdalik sovg’alari topshirildi.