Xalqaro aloqalar boʻlimi tomonidan Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan “Til millat koʻzgusi” mavzusida musiqali tadbir tashkil etildi. Unda iqtidorli talabalarimiz qatori xorijlik talabalar ham ishtirok etdi.
Tadbir avvalida soʻz olgan institut rektori M.Madazimov barchani bayram bilan muborakbod etib, xorijlik talabalar ham oʻzbek tilini ishtiyoq bilan oʻzlashtirayotganliklarini faxr bilan taʼkidlab oʻtdi.
Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Yusuf, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov singari yetuk shoirlarimizning sheʼrlaridan namunalar oʻqigan xorijlik talabalar barchaning taxsiniga sazovor boʻldi. Bundan ruhlangan institut rektori goʻzal misralar bilan boshlab bergan bahri bayt kechasini talabalar davom ettirdi.
Hayolan bolalikka eltgan alla, mudhish qatagʻon yillarini yodga solgan monologlar isteʼdodli talabalar tomonidan mahorat bilan ijro etildi.
Oʻzbekcha, hindcha, koreyscha kuy-qoʻshiq va raqslar tadbirga oʻzgacha fayz kiritdi.