14 yanvar – vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

2019-yil  11-yanvar  kuni  O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi hamda Andijon davlat tibbiyot instituti  hamkorligida  O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining  27 yilligi hamda 14 yanvar –Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Adolat ustuvor Armiyam” mavzusida  tadbir  bo‘lib o‘tdi.

      Bayram tadbirida O‘zbekiston “Adolat” SDP viloyat kengashi xodimlari, partiya faollari, mahalliy kengash deputatlari, faxriylar, harbiy qism va milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, professor-o‘qituvchilar, ADTI  Harbiy tayyorgarlik  kafedrasi xodimlari, talaba-kursantlar, institut yoshlar ittifoqi faollari, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni  o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov ochib, barcha yig‘ilganlarni  Vatan himoyachilari kuni  bilan qizg‘in tabrikladi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.

So‘ngra, Harbiy tayyorgarlik kafedrasi o‘quv bo‘limi boshlig‘i  A.Soliev ma’ruza qildi va tadbir ishtirokchilarini bayram bilan qutladi.

Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP viloyat kengashi matbuot kotibi   A.Nazarov ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni  Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi.

Institutning iqtidorli talabalari  o‘zlari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, ona Vatan, tinch va osuda hayotimiz, Milliy Armiya,  mard va jasur o‘g‘lonlar- harbiylarni madh etuvchi  she’r va qo‘shiqlari bilan  bayramga o‘zgacha fayz kiritdilar.

ADTI Harbiy tayyorgarlik kafedrasi talaba-kursantlari ham harbiy tayyorgarlik mashqlarini namoyish etdilar.

Shuningdek,  Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining  chiqishlari, ular tomonidan bajarilgan murakkab tryuklar  barchada katta taassurot qoldirdi.

Tadbir ishtirokchilari jonajon yurtimiz, sarhadlarimiz daxlsizligi, chegaralarimiz  mustahkamligiyu xalqimizning tinch-osoyishta hayoti ana shunday baquvvat, qat’iyatli va jasur o‘g‘lonlarning himoyasida ekanligidan faxrlandilar.

Tadbir yakunida Harbiy  tayyorgarlik kafedrasi  boshlig‘i A.Nasriddinov  tashkilotchilarga, harbiy xizmatchilarga faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi.

 

                                                                                         ADTI matbuot xizmati.

220