2024-YILGI YOZGI PARALIMPIYA O‘YINLARIDA BRONZA MEDALI G‘OLIBI TEMURBEK G‘IYAZOV BILAN UCHRASHUV – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

2024-YILGI YOZGI PARALIMPIYA O‘YINLARIDA BRONZA MEDALI G‘OLIBI TEMURBEK G‘IYAZOV BILAN UCHRASHUV

13:33 06.03.2025

Ma’lumki,  yilning 13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida olimpiya va paralimpiya harakatini yana-da rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.


Xususan, bugun, 6-mart kuni 2016-yildan buyon para yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, 2024-yilgi Yozgi Paralimpiya o‘yinlarida bronza medali g‘olibi, Shuxrat hamda Jasorat medali sohibi, Andijon farzandi Temurbek G‘iyazov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, psixolog O‘.Arziqulov, fakultetlarning dekan o‘rinbosarlari, institut sport murabbiylari, talabalar ishtirok etdi.

Dastavval birinchi prorektor talabalarga yurtimizda sportga bo‘lgan e’tibor, yoshlarning ham bu boradagi ishtiyoqining balandligi, sportchilarimiz jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini munosib himoya qilayotganliklarini faxr bilan tilga oldi. Shundan so‘ng sportchi Temurbek G‘iyazov talabalarga bolalikdagi sportga bo‘lgan ishtiyoqi, eng qiyin vaziyatlarda ham o‘z irodasi kuchiga tayanib maqsadlar sari olg‘a intilgani, musobaqalarga tayyorgarlik va muvaffaqiyatlar kaliti, g‘alabalar quvonchi, davlatimiz tomonidan berilgan ishonch va e’tibor borasida so‘zlab berdi.

Ma’lumot o‘rnida, Temurbek G‘iyazov 1996-yil 15-mart kuni Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. U 2016-yildan buyon para yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Galina Kazakovadan Balandlikka sakrash (T64) boʻyicha mahoratini oshirdi. 2019-yilda BAAning Dubay shahrida oʻtgan Balandlikka sakrash (T64) boʻyicha jahon chempionatida kumush medal sohibi,  2023-yilda Parijda boʻlgan jahon chempionatida 4-oʻrin sohibi, 2024-yilda Kobe shahrida oʻtgan jahon chempionatida kumush medal sohibi, 2022-yilgi Paraosiyo oʻyinlarida kumush medalni, 2024-yilda Yozgi Paralimpiya o‘yinlarida esa bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Tadbir so‘nggida sportsevar yoshlar Temurbek G‘iyazovdan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.

Skip to content