Joriy yilning 22–23-yanvar kunlari Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vazirligi tomonidan O‘zbekiston–Xitoy taʼlim forumi o‘tkazildi.
Forumda O‘zbekiston tomonidan 37 ta, Xitoy tomonidan 110 ta yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektori, jami 250 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tantanali forum tadbirini Xitoy Taʼlim vaziri o‘rinbosari Chen Sze, O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov ochib berdi. Tadbir yalpi majlis va 4 ta panel sessiyalardan tashkil topdi. Unda O‘zbekiston tomonidan 37 ta, Xitoy tomonidan 110 ta yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektori, jami 250 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Forumning birinchi kunida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov boshchiligida institut vakillari ham ishtirok etdi. Unda Andijon davlat tibbiyot instituti va Xitoyning Wuhan universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda Immunologiya va Epidemiologiya sohalarida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, forumning “Tibbiyot va Farmasevtika” qismida institut rektori «Tibbiy ta’limni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning roli» mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada tibbiy ta’limda xalqaro hamkorlik va uning doirasida tajriba almashish istiqbolli kadrlarni shakllantirshda muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida batafsil aytib o‘tdi.
Forumning ikkinchi kuni Tianjin shahrida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Tianjin shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida turli sohalarga doir 40 ta ikki tomonlama shartnoma imzolandi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali qator kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tantanali tadbir davomida Andijon davlat tibbiyot instituti va Tianjin Xitoy xalq tabobati universiteti (Tianjin University of Chinese Traditional Medicine) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unda Xitoy tajribasi asosida institutda Xalq tabobati yo‘nalishini rivojlantirish masalalari ko‘zda tutilgan. Tomonlar ushbu hamkorlikni samarali tashkil etishga kelishib oldi.
Tadbir davomida ikki davlat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida ko‘plab qo‘shma taʼlim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur qo‘shma taʼlim dasturi asosida 300 dan ortiq talaba Xitoyning ilg‘or universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, Forum doirasida 100 dan ortiq O‘zbekiston talabalari uchun grant dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Qolaversa, O‘zbekiston va Xitoy oliy taʼlim muassasalari hamkorligi to‘g‘risida Pekin deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu Deklaratsiya doirasida Xitoy va O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida institutsional platforma yaratish, Xitoy-Markaziy Osiyo taʼlim hamkorligi modelini shakllantirish, akademik almashinuv dasturlarini yana-da rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.