alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot institutining 40 yillik xodimi

16:30 23.12.2020

60 yoshingiz muborak bo‘lsin!       

Andijon davlat tibbiyot instituti mamlakatimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan bo‘lib, nihoyatda boy an’ana va shonli tarixga ega. Ushbu qutlug‘ dargohning rektorlaridan boshlab, barcha lavozim egalari: professor-o‘qituvchilar,  texnik xodimlari  yillar davomida shakllangan an’analarga sadoqat bilan   ishlab kelmoqdalar. Ana shunday kishilardan biri fotosuratchi Odiljon aka O‘roqov bo‘lib, u institut tarixini chorak asrdan ziyod yoritib  keladi.
Odiljon akani butun institut jamoasi, oldingi bitiruvchilar, yigirma besh, o‘ttiz, hatto o‘ttiz besh  yillik uchrashuvga kelgan sobiq talabalar ham taniydilar, eslaydilar, halol, mehnatkash, kasbiga sadoqatli inson sifatida e’tirof qiladilar. Ushbu yilda bu oddiy inson, ammo eng ezgu kasb – shifokorlar tayyorlab beradigan qutlug‘ dargohda o‘z o‘rnini topgan Odiljon aka O‘roqov 60 yoshni qarshilamoqda.
Odiljon aka navqiron yigitlik payti – harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, 1982-yili Andijon davlat tibbiyot institutiga ishga joylashadi. Shundan buyon, 38 yildirki institutda ishlab keladi. Chorak asrdan ziyod vaqt mobaynida institutning biron-bir tadbiri, bayram, anjuman va yig‘ilishlari Odil akaning  ishtirokisiz o‘tmaydi. Shu jihatdan Odiljon aka professional suratchiga aylangan.
Viloyatimizning turli hududlariga, turli shifo maskanlariga ijodiy safar, tadbir va ommaviy sayllar munosabati bilan tashrif buyurganimizda safimizda Odiljon aka ham bo‘lib, borgan joyimizdagi kutib olguvchilar “E, o‘zimizning Odiljon aka-ku?”, – deb qarshi olishadi. Bir insonni shunchalar tanib, samimiy suhbatlashishlari atrofdagilarni ajib hayratda  qoldiradi. Qizig‘i shundaki, u yurtdoshlarimizning har bir savoliga “Albatta, tayyorlab beraman!”, – deya javob qaytaradi…
Odiljon aka bolalikdan texnikaga, ayniqsa, fotosuratchilikka yuragida kuchli ishtiyoq paydo bo‘lgani haqida eslaydi. Nogahon unga imkon yaralib, qo‘liga pul tushganida fotoapparat sotib olib to‘g‘ri qilganini aytdi. “O‘shanda suratkash bo‘lish – mening eng katta orzum edi, bu pulga hayotimdagi  birinchi fotoapparatni sotib oldim…»
Odiljon aka xotiralarini so‘zlash davomida ustozi Sattarjon Satimovni hurmat bilan tilga oladi. Ustozining uyiga tog‘asi Qoraboy akanining yetaklab olib borib,  shogird qilib topshirganini eslaydi.
Odiljon aka o‘tgan asrning 90-yillarida nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan bir qator olimlar, masalan, professor Q.Xudoyberdiyev, dotsentlar B.Mamatov, U.Rustamov kabi ustozlarga dissertatsiyani himoya qilish jarayonida namoyish etiladigan slaydlar, stenografiya va videotasmalarni ham tayyorlab berdi. Odiljon akaning kasbi shundayki, davr, taraqqiyot talablariga ko‘ra o‘z ustida doimiy ishlashi, texnika yangiliklaridan, albatta, boxabar bo‘lishi darkor. U sohadagi yangidan-yangi texnika vositalari bilan ishlashni puxta o‘rgandi. Kompyuter, printer, internet bilan ishlashda mahoratga erishgan. Bu borada u ko‘pchilik yoshlarga ham o‘rnakdir.
Qahramonimiz o‘z ishiga mehr bilan qaraydi, fidoiylik bor. Odiljon akada juda katta arxiv mavjud. Shu kungacha olingan suratlar, videolavhalarni tizimga solib, mavzulashtirib, to‘plab keladi. Uning uchun bu – boylik, institut uchun bebaho tarixdir.
Odiljon akaning baxti shundaki, u ahil va ibratli oilada o‘sib – ulg‘aydi, yaxshi insonlar – ota-onasining tarbiyasini oldi. Keyinchalik olijanob kasb egalari – shifokorlar jamoasida sog‘lom muhitda ishlab, elga tanildi. Baxtli oila boshlig‘i, 2 nafar farzandga ota, 6 nafar nabiraning bobosi bo‘lgan
Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi institut hayotining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy tadbirlarning faol ishtirokchisi hisoblanadi. Ko‘p yillar davomida  Odiljon akaning qizg‘in faoliyatining shohidi bo‘lib kelmoqdamiz. Tumanda o‘tgan tadbirlarning birida suhbat davomida shu inson haqida maqola yozish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Maqolaga material to‘plash asnosida: “Agar hayotingizni qaytadan boshlasangiz, yana shu kasbni tanlarmidingiz?”, – deb so‘radim. Shunda Odiljon aka: “Faqat shu kasbni tanlardim. Shu kasbga mehr qo‘yib, tanlab, kam bo‘lganim yo‘q. Ulug‘ dargohda izzat-hurmatga erishdim. El-yurtga qo‘shildim. Oila boqdim. Hayotimdan, shu kasbimdan mingdan-ming roziman!”.
Inson taqdiri misoli bir kitob bo‘lib, ayrim kishilar hayoti sermazmun, ayrim kimsalar hayoti esa, nursiz, ma’nosiz o‘tadi. Ba’zan, mol-dunyosi behisob, amal-lavozimi yuqori bo‘lgan kishiga nisbatan oddiy inson mazmunliroq hayot kechiradi. Odiljon O‘roqov shunday insonlardan biridir.

Institut ma’muriyati, xodimlar kasaba uyushmasi tomonidan 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan Odiljon aka munosib rag‘batlantirildi. Fidoyi fotografimizni “O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash – Здравоохранение Узбекистана” gazetasi jamoasi ham samimiy muborakbod etadi.

Odiljon akaga sog‘lik-salomatlik, ijodiy ishlariga yanada rivoj tilaymiz. Qadrdon fotosuratchimiz haqidagi so‘zimizni esa quyidagi fikr bilan yakunlaymiz: “tarixni nafaqat buyuk shaxslar, yorqin siymolar, balki oddiy insonlar ham yaratadi”.

   Barnoxon BATIROVA,

ADTI  ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti.

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!