Shifokorlik nafaqat burch, balki san’atdir. Bemorni dori-darmon, turli muolaja, shirin so‘z va o‘z shaxsiy namunasi bilan davolash insondan katta mahorat va mas’uliyat talab etadi. Qahramonimiz – tibbiyot fanlari doktori, professor Zuhriddin Salohiddinov shifokorlikni ana shunday san’at maqomiga ko‘tarolgan insonlardan biri.
Z.Salohiddinov 1971-yili Andijon davlat tibbiyot institutini imtiyozli tamomlagan. Institutni bitirish arafasida o‘sha davrda Davlat stipendiasiga sazovor bo‘lgan. O‘z bilimi, iqtidori va notiqlik san’ati va salohiyati bilan barchani lol qoldirgan talaba bo‘lgan.
”Qiz o‘ssa – uyning, yigit o‘ssa – elning ko‘rki” deganlaridek, bo‘lg‘usi shifokorning kamoliga hammaning havasi kelardi. O‘shanda u hayotda o‘z o‘rnini topish, shifokorlikdek muqaddas kasbni puxta egallash, ulug‘ ustozlari izidan borib, ularga munosib shogird bo‘lish niyatida yakdil bo‘ldi. Tinimsiz o‘z ustida ishladi. O‘qib-o‘rgandi. Bu yo‘lda unga shifokor va ijodkor inson Sayfiddin Yunusov ustozlik qildi. Undagi ijodkorlikka havas ustozidan o‘tgan bo‘lsa ajab emas. Ustozidagi jamiki yaxshi fazilatlarni o‘zlashtirib, o‘rganganlarini o‘zgalarga o‘rgatish, bilim va tajribalarini etkazish, tibbiyotning asl mohiyatini anglash va anglatish, el salomatligini muhofaza qilish yo‘lida tinimsiz mehnat qildi.
Bugun qaysi mavzuda bo‘lmasin siyosatmi, ma’naviyatmi yoki tibbiyotmi u o‘z mustaqil fikri va mulohazasini bildira olishi bilan keng jamoatchilik oldida obro‘-e’tibor topgan. Ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga chuqur tayyorgarlik ko‘radi. Mavzuga teran yondoshib, mazmun-mohiyati ichiga kirib boradi. Katta ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga o‘z vaqtida hozirjavoblik , qalb qo‘ri, vijdon amri bilan javob qaytaradi. tibbiyotni zamon talablari darajasida rivojlantirish, yangilik va innovatsiyalarga e’tibor qaratish, bilimli va izlanuvchan yoshlarni qo‘llab- quvvatlash masalalariga jiddiy qaraydi. Tibbiyotni o‘z hayotining mazmuni deb bilgan Zuhriddin Salohiddnov “Igna bilan quduq qazish” yo‘lini tutdi. Nomzodlik va doktorlik ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli yoqladi. Olimlik darajasiga erishdi.
Ustoz Salohiddinov o‘z qarashlari, atrofdagilarga munosabati va insoniy fazilatlari bilan shifokor degan nomni oqlash, yuksaklarga ko‘tarishga intildi. Odamiylik va samimiyat bobida barchaga o‘rnak bo‘ldi. Uning “Oqibat bekasi”, “Ibrat malikasi” singari badiiy asarlari bunga yorqin misoldir. Shifokor olim birinchilar qatorida institutda ingliz tilida talabalar anjumanini o‘tkazdi. O‘nlab monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalar, amaliyotga tatbiqlar, ratsionalizatorlik takliflari, ixtirolar, jurnal va gazetalarda chop etilgan ilmiy maqolalarning muallifidir. Muntazam ravishda davriy nashr va televidenieda o‘zining intervyulari va chiqishlari bilan qatnashib turadi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi (2011 y.) 2013-yilda “Eng yaxshi kafedra mudiri”, “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovlarining g‘olibi bo‘lgan. Barchamiz uchun eng quvonchlisi, Ustoz joriy yil tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Ustoz Salohiddinov rahbarlik salohiyati, tashabbuskorligi, madaniyati, faoliyati bilan xodimlar va keng jamoatchilik orasida hurmat qozongan. Uning rahbarligida ko‘plab nomzodlik va magistrlik dissertatsiyalari yoqlandi.
Z.S.Saloxiddinov ko‘p yillik ish faoliyati davomida institutda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashda faollik ko‘rsatmoqda. Respublika oliygohlari ichida birinchilardan bo‘lib telemeditsinani tashkil etishda tashabbuskor va bajaruvchi bo‘ldi.
Ustoz turmush o‘rtog‘i Arofat Karimova, hayotda o‘z munosib o‘rnini topgan 3 nafar o‘g‘illari, kelin va nabiralari bilan ibratli hayot kechirib kelmoqda.
Ra’noxon HAYITBOEVA,
“Tibbiyot gulshani” gazetasi muharriri