12-mart kuni Respublikamizning 15 ta shahrida bir vaqtda “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Andijon shahrida marafon Farobiy koʻchasidagi 48-umumiy o’rta ta’lim maktabidan start olib, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi yonida yakunlandi. Ushbu “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda, birga yuguramiz” shiori ostida o‘tkazilgan marafonda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov, prorektorlar, fakultetlar dekanlari, tyutorlar va talabalar faol qatnashdilar.
Marafon ishtirokchilarining kayfiyatini ko‘tarish maqsadida konsert dasturi ham tashkil qilingan bo‘lib, sho‘x kuy-qo‘shiqlar marafon qatnashchilarini raqsga chorladi. Yakunda belgilangan masofalarni birinchilardan bo‘lib bosib o‘tgan ishtirokchilar viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.