Shu kunlarda yurtimizda bahor, yangilanish, ezgulik va mehr –muhabbat bayrami – Navro‘z shodiyonalari davom etmoqda. Kuni kecha bu go‘zal ayyom Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi tomonidan o‘zgacha shodu xurramlik bilan nishonlandi. Bayram munosabati bilan shahrimizdagi “Andijon” to‘yxonasi turli bezaklar, anvoyi gul-chechaklar, dillarni yayratuvchi bayramona shiorlar bilan bezatildi. Karnay –surnay, doirayu nog‘oralarning sho‘xchan sadolari barchani bayramga chorladi. Milliy va qadrli ayyomni nishonlash uchun bu muhtasham maskanga qadrli ustozlar, mehmonlar, institut professor-o‘qituvchilari va barcha xodimlar to‘kin dasturxon atrofida jamuljam bo‘ldilar.
Tadbirni institut rektori, M.Madazimov ochib, Navro‘z bayrami bilan yig‘ilganlarni qizg‘in tabrikladi hamda o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.
Shundan so‘ng, qadrli ustoz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi viloyat bo‘limi rahbari, M.Xo‘jamberdiev ham so‘z olib, institut to‘g‘risida, qadrdon hamskasblari va shogirdlari haqida iliq fikrlarni bildirdi. Aziz va muqaddas dargoh- tibbiyot institutiga hamisha oshiqib, bu maskandagi ahil jamoa bilan hamsuhbat bo‘lishga intiqligini to‘lqinlanib gapirdi. Shuningdek, o‘zining tabrigini va tilaklarini bildirdi.
Bayram tadbirida viloyat hokimining ijtimoiy kotibiyat mudiri A.Mirkomilov so‘zga chiqib, mamlakatimizda hamda viloyatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amalga oshirilishida Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasining alohida o‘rni, ulkan hissasi borligini ta’kidladi va yangi kun – Navro‘zi olam bilan tadbir ishtirokchilarini qizg‘in muborakbod etdi.
Тantanada Andijon mashinasozlik instituti rektori O’.Salomov ham so’z olib, bayram bilan tabrikladi va dil so’zlarini izhor qildi.
Tadbir davomida institutda uzoq yillar faoliyat yuritgan va bugungi kunda ham halol, fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh ustozlar, yuzlab professor-o‘qituvchilar bayram munosabati bilan institut ma’muriyati, xodimlar kasaba uyushma qo‘mitasining pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bayram tilaklari, dilrabo kuy-qo‘shiqlar va jozibali raqslar tantanaga o‘zgacha fayz baxsh etdi. Bahoriy taomlar bilan bezatilgan to‘kin dasturxon atrofida barcha bir-birini qutlab, chin dildan bayram tilaklarini izhor etdi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyat bo‘limi xonanda va raqqosalarining chiqishlari, taniqli san’atkorlarning dilnavoz qo‘shiqlari bayram qatnashchilariga manzur bo‘ldi. Navro‘z shodiyonasi uzoq davom etdi. Kuylar qo‘shiqlarga, qo‘shiqlar esa raqslarga ulanib barcha birdek o‘ynab yayradi.