Bugun, 1-avgust kuni Andijon davlat tibbiyot institutida 2019-yildan buyon anʼanaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan xalqaro tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalarining “Pearl of valley” (Vodiy gavhari) yozgi o‘quv maktabining bu yilgi mashg‘ulotlariga start berildi. Maktabning ochilish marosimiga kelgan xorijlik talabalar tantanali kutib olindi.
Yozgi o‘quv maktabining ochilish marosimida institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori K.Salohiddinov hamda Koreya milliy transport universiteti Parameditsina fakulteti dekani Dong Min Shin ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlar ushbu yozgi o‘quv maktabi talabalarning o‘zaro fikr almashishlari va nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lagan holda tajriba orttirishlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida taʼkidladilar.
Tadbir davomida mehmonlar tashkilotchilik uchun institut rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdilar.
Shundan so‘ng, talabalar bir birlari bilan tanishdilar va amaliy mashqlarni bajarishga kirishib ketdilar. Ushbu mashq jarayonlari jonli, yaʼni hayotda sodir bo‘lgani kabi ko‘rinishga ega bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bunda talabalar haqiqiy birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonidagi hayajon va masʼuliyatni his qilgan holda bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatadilar.