Andijon shahridagi “Bog‘ishamol” mehmonxonasining anjumanlar zalida respublika pediatrlarining ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Konferensiya pediatriya sohasining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Respublika ixtisoslashgan pediatriya ilmiy-tekshirish instituti pulmonologiya bo‘limi rahbari, professor F.M.Shamsiyev, Rossiya Federatsiyasi bolalar salomatligi milliy ilmiy- tekshirish markazi professori M.D.Bakradze, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlarining yetakchi pediatrlari, Andijon tibbiyot institutining fakultet pediatriya va neonatologiya, pediatriya, gospital pediatriya, BKP va poliklinik pediatriya kafedralari professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Ilmiy-amaliy konferensiyasini fakultet pediatriya va neonatologiya kafedrasi mudiri B.B.Inakova olib bordi.
Anjumanda bolalar o‘rtasida keng tarqalgan bronx-o‘pka patologiyalarini zamonaviy diagnostika va davolash usullari, gipertermik va og‘riq sindromini davolashda xalqaro va rossiyalik olimlarni klinik tavsiyalari va boshqa dolzarb muammolar keng muhokama etildi. ADTI va Rossiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘rnatilayotgan hamkorlik aloqalarining natijalari, onlayn konferensiyalar, masofaviy ma’ruzalar, mahorat darslari, ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligi va istiqboli haqida fikr-mulohazalar bildirildi, xalqaro hamkorlik aloqalari yanada keng qamrovli bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Respublika pediatrlari ilmiy-amaliy konferensiyasi so‘nggida ishtirokchilar rossiyalik olimaga tashrifi va ilmiy hamkorligi uchun minnatdorchilik bildirdilar.
U.A.Arzibekova,
ADTI fakultet pediatriya va neonatologiya kafedrasi
katta o‘qituvchi.