Andijon davlat tibbiyot instituti rahbariyati mazkur soha vakillariga alohida e’tibor bilan qarab, institut faoliyatini ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib kelayotgan jurnalistlarni yig‘ib, qizg‘in taqdirladi.
Jurnalistika asli, xayrli kun deganidir. Kundalik hayotimizdagi voqea-hodisalarni tezkor, xolis va shaffof tarzda ixcham va tushunarli tilda ifoda etish kishidan katta ijodiy mahorat talab etadi.Iste’dodli kalamkash esa, voqealarning xayrli jihatlarini tezda ilg‘ay oladi va ommaga chiroyli usulda etkaza oladi.
Institut rektori, professor M.Madazimov bir guruh jurnalist va faollar jumladan “Andijonnoma” gazetasi bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat Kengashi matbuot kotibi Akbarjon Nazarov, “Tibbiyot gulshani” gazetasi muharriri Ra’noxon Hayitboyeva, ADTI rektorati matbuot kotibi Odiljon Karimov, pediatriya fakulteti dekanining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Kozimjon Baydullayevni kasb bayramlari bilan qizg‘in tabrikladi.
Har bir jurnalistga alohida ta’rif berib, ularnig zahmatli va mashaqqatli mehnatlarini tilga olar ekan, bugungi axborot va globallashuv jarayonida jamiyatda jurnalistlarning o‘rni va nufuzi tobora yuksalib borayotganligini ta’kidladi.
Ularga samimiy tilaklar bildirib, kelgusi ijodlariga omadlar tiladi. Shundan so‘ng, ijodkorlarga guldastalar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Jarayonda institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.Asxanov ham ishtirok etdi.
Samimiy qutlovdan so‘ng, jurnalistlar ham bu e’zozdan mamnun bo‘lishib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, institut rahbariyatiga minnatdorchiliklarini izhor etdilar.
Kasb bayramingiz muborak aziz ijodkorlar, soha jonkuyarlari!
ADTI axborot xizmati