Bugun, 4- aprel kuni Andijon davlat tibbiyot institutida «O‘zbekistonda klinik injeneriya bo‘yicha qo‘shma magistrlik dasturi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Andijon davlat tibbiyot instituti, Andijon Mashinasozlik instituti professor-o‘qituvchilari, magistrlar, soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Seminar ishini ADTI ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor G‘.Hodjimatov ochib, mamlakatimizda tibbiyot sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, jumladan, oliy ta’lim maskanlarini, tibbiy-dignostika va davolash muassasalarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, laboratoriyalar tashkil etish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganligini, bugungi kunda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, jihozlarni olib kelib o‘rnatish, tashxis va davolashda to‘g‘ri qo‘llay bilish, ta’mirlash borasida yuksak malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, hozirgi kunda Andijon davlat tibbiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti, Koreyaning Tegu universiteti, Portugaliyaning Setubal politexnika universiteti hamkorlikda ishlab chiqilgan tibbiyot injeneriyasi bo‘yicha institutlararo magistratura tajribaviy dasturi asosida “Tibbiyot va biotexnologiya mashinalari va jihozlari” magistratura mutaxassisligiga qabul qilingan yoshlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari olib borilayotganligini aytib o‘tdi. Tadbirda Andijon mashinasozlik instituti Metrologiya va standartlashtirish kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori N.Mo‘minov so‘zga chiqib, loyiha to‘g‘risida o‘zining ijobiy fikrlarini aytdi va loyiha ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so‘ng, Mashinasozlik instituti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Z.Jo‘raev “O‘zbekistonda klinik injeneriya qo‘shma magistrlik dasturining maqsad va vazifalari” mavzusida taqdimot-ma’ruza qildi. Andijon davlat tibbiyot instituti Biologik fizika, informatika va tibbiy texnologiyalar kafedrasi mudiri Sh.G‘ulomovning “AIF grant loyihasining mexanizmlari va bosqichlari” mavzusidagi taqdimot –ma’ruzasini seminar qatnashchilari katta qiziqish bilan tingladilar. Seminar yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonda tibbiyot injeneriyasini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishdagi soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar hamda loyiha doirasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlarni rejalashtirib oldilar.