2019-yil 6-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Michigan universiteti professori Alisher Dadaboev Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.
Institut xalqaro aloqalar bo‘limida ADTI rektori M.Madazimov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov, Farmatsiya yo‘nalishi mas’uli Z.Ergasheva, Umumiy jarrohlik kafedrasi mudiri S.Salohiddinov hamda Michigan universiteti professori A.Dadaboevlar o‘rtasida qizg‘in va do‘stona suhbat bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida institut rektori Michigan universiteti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilayotganligi va bu borada professor A.Dadaboevning alohida hissasi borligini, har ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamalanishini ta’kidladi hamda tashrifi uchun unga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
O‘z o‘rnida AQShning Michigan universiteti professori o‘zi faoliyat olib borayotgan ilm dargohidagi o‘quv-uslubiy va ilmiy-amaliy jarayonlar, yangiliklar va innovatsiyalar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Suhbat davomida Andijon davlat tibbiyot instituti bilan yaqindan hamkorlik qilish, xususan, Farmakologiya va klinik farmakologiya, Anesteziologiya va reanimatologiya, Umumiy jarrohlik, Psixiatriya kafedralari bilan muhim yangiliklarga qo‘l urishdan g‘oyat mamnunligini aytdi.
Ta’lim sifatini yanada yaxshilash, professor-o‘qituvchilarni ilmiy izlanishlar olib borishi, ularning malakasini oshirish, ilmiy maqolalarni xorijiy matbuotlarda chop etilishi bo‘yicha taklif va fikrlarini bildirdi hamda kelgusida bu borada ko‘maklashishga doimo tayyor ekanligini ta’kidladi.
Shu kuni professor A.Dadaboev ADTI klinikasi 2-xirurgiya bo‘limida bo‘lib, bemorlarni ko‘rdi va “Surunkali og‘riqlar bo‘lgan bemorlarda mahalliy og‘riqsizlantirish xususiyatlari” mavzusida mahorat darsini o‘tkazdi. Mahorat darsida kafedra xodimlari, soha mutaxassislari, shifokorlar, magistr va klinik ordinatorlari o‘zlari uchun kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.