Ta’lim-tarbiya jarayonida talabalarning ota-onalari bilan ta’lim maskanlarining hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Andijon davlat tibbiyot institutida ana shu jarayonga azaldan katta e’tibor qaratilgan.
2018-yil 23-noyabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov bilan stomatologiya fakultetida tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ota-onalar bilan suhbat chog‘ida rektor avvalo institutdagi ta’lim-tarbiya jarayoniga, talabalar uchun oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlarga to‘xtaldi. Shuningdek, Andijon davlat tibbiyot institutining “Odob-axloq qoidalari”, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 34-sonli buyrug‘i, muomala va kiyinish madaniyati, vrachlik kasbiga hurmat to‘g‘risida gapirdi. Shuningdek, talabalarning xorijiy tillarni bilishlari, netbuk, noutbuk, fleshka kabi vositalardan foydalanish, to‘garaklarga muntazam qatnashishlari, simulyatsion markazda amaliy ko‘nikmalarini oshirishlari lozimligini aytib o‘tdi.
Talabalarni oliygohda yaxshi bilim olishlarida, ularning tarbiyasida, qolaversa, kelgusida har tomonlama bilimli, tajribali shifokor bo‘lib yetishishlarida ota-onalar bilan institut jamoasining doimiy hamkorligi muhim ekanligini ta’kidladi. Uchrashuvda rektor ota-onalarni qiziqtirgan savollariga javob berdi hamda ta’lim – tarbiya jarayonida ularni yanada hamkorlikka va faol bo‘lishga chaqirdi.
Uchrashuv yakunida stomatologiya fakulteti dekani D.To‘lanov faol talabalarning ota-onalariga “Tashakkurnoma”lar topshirdi.