2019-yil 2-fevral kuni Farg‘ona davlat universiteti rektori R.Maqsudov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilardan iborat guruh Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdilar.
Dastlab mehmonlar institut o‘quv xonalarida yaratilgan sharoitlar, simulyatsion o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdilar, o‘zaro suhbatlashdilar.
Shu kuni Farg‘ona davlat universiteti rektori R.Maqsudov hamda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov har ikki oliygoh o‘rtasida 2019-2022-yillarda ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani imzoladilar.
Mazkur hamkorlikda o‘quv sohasidagi barcha ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun davlat ta’lim standartlari hamda malaka talablari, o‘quv rejalari, fan dasturlarini ishlab chiqish, malakali professorlarni ta’lim jarayoniga jalb qilish, har ikki oliygoh yetakchi professor-o‘qituvchilarini ma’ruzalar o‘qishi, attestatsiya imtihonlarida ishtiroki, ularni doktorlik dissertatsiyasiga(doktorlik yoki PhD) ilmiy rahbar yoki ilmiy maslahatchi sifatida jalb etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hamkorlikda ilmiy –tadqiqot ishlarini olib borish, o‘quv adabiyotlari yaratish, anjumanlar o‘tkazish, xorijiy jurnallarda maqolalar chop ettirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda va eksperimental tadqiqotlarda hamkorlik qilish, iqtidorli talabalarni tadqiqotlarga jalb etish, o‘quv jarayonini tashkillashtirishda, me’yoriy huquqiy hujjatlar bilan ta’minlashda o‘zaro ko‘maklashish yo‘nalishlari ham ko‘rsatilgan.
Kelgusida ushbu hamkorlik shartnomasi har ikki oliy ta’lim muassasalari faoliyatida, xususan, ilmiy–pedagogik kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tez kunlarda har ikki oliygoh kafedralari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatiladi va professor-o‘qituvchilar o‘zaro tajriba almashadilar.
ADTI matbuot xizmati