Shu kunlarda respublikamizda buyuk yozuvchi, o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligini keng nishonlash yuzasidan oliy ta’lim muassasalarida adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kechalar, davra suhbatlari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Ana shu munosabat bilan 2019- yil 22- fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining joriy yil 7- yanvardagi 87-04-10 xatiga asosan, Andijon davlat tibbiyot institutida Abdulla Qodiriy tavalludiga bag‘ishlab “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlidir” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi. Mazkur kecha yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi va Tillar, pedagogika va psixologiya kafedrasi tashabbusi bilan tashkil qilindi. Tadbirni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G‘.Hodjimatov ochib berdi.
Shundan so‘ng, talabalar tomonidan adib hayoti va ijodi to‘g‘risida ma’ruza qilindi, uning o‘lmas asarlariga oid fotosuratlar namoyish etildi.
Shuningdek, talabalar Abdulla Qodiriyning “To‘y”, “Ahvolimiz” kabi she’rlarini yod o‘qidilar. Adibning mashhur asarlari- “O‘tgan kunlar”,”Mehrobdan chayon” asarlaridan Otabek, Kumush, Zaynab monologlarini aytib berdilar. Talabalar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari ham barchada katta taassurot qoldirdi.
Ular “Mehrobdan chayon” romani qahramonlari Ra’no bilan Anvar dialogini ham zo‘r mahorat bilan ijro etdilar. She’rlar qo‘shiqlarga, qo‘shiqlar esa raqslarga ulanib,adabiy- badiiy kecha yanada fayzli va mazmunli o‘tdi.