2019- yil 9- fevral kuni erta tongdan Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i yuzlab Navoiyni sevgan, ardoqlagan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi. Navoiy haykali poyi obod va ko‘rkam holatga keltirilib, buyuk shoir va mutafakkirga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Dunyoga o‘zbek nomini tarannum etgan, odamiylik va xalqparvarlik kabi fazilatlari bilan komil inson qiyofasini namoyon etgan Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiriga viloyat hokimligi, madaniyat boshqarmasi vakillari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, yozuvchi-yu shoirlar,talabalar, ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari, adabiyot va san’at ixlosmandlari yig‘ildilar.
Avvalo Navoiy haykali poyiga guldastalar qo‘yildi.
Tadbirni Andijon viloyati hokimi, senator Shuhratbek Abdurahmonov ochib, buyuk shoir va mutafakkir shaxsi, qoldirgan bebaho merosi xususida ma’ruza qildi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Qamchibek Kenja, Andijon davlat universiteti dekani, adabiyotshunos Bahodirjon Rahmonovlar so‘zga chiqib, ulug‘ shoir ijodi va faoliyatining serqirraligi-yu va mangulikka daxldorligi aytib, ulug‘ ajdodimiz ijodidan har doim bahramand bo‘lishga chorladi.
Bayram tadbirida Bobur nomidagi viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Shundan so‘ng, Andijon davlat universiteti talabalari va Muhammad Yusuf nomidagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari tomonidan g‘azalxonlik va she’rxonlik yig‘ilganlar e’tiboringa havola etildi.
Navoiyga ehtirom ko‘rsatilgan mazkur tadbirda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov, dekanlar va talabalar ishtirok etdilar.